Davlat chegarasi toʻgʻrisidagi Qonun koʻrib chiqildi
Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Majlisda mazkur Qonun jamoatchilik vakillari, vazirlik va idoralar takliflari, fikr va mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, bugun xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish borasida yangi talablarni belgilamoqda.

Amaldagi Qonunda bir qator huquqiy kamchiliklar mavjudligi turli muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, Davlat chegarasi bilan bogʻliq asosiy tushunchalar berilmaganligi bois, faoliyat davomida fuqarolar, vazirlik va idoralar tomonidan turli tarzda talqin qilinmoqda. Bu esa Davlat chegarasi xavfsizligini taʼminlash, uni jihozlash, vazirlik va idoralar tomonidan oʻz vakolati doirasida belgilangan vazifalarni bajarishda bir qator muammo va tushunmovchiliklar keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari, chegara hududlarida dehqonchilik qilish yoki chorvachilik bilan shugʻullanishda qonunchilikda aniq normalar belgilanmaganligi sababli chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida yashovchi aholi turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Muhokama qilingan ushbu Qonunda Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi asosiy tushunchalar, Davlat chegarasini quruqlikda, chegara daryolarida, koʻllar, samoviy hudud va boshqa joylarda shaxslar va transport vositalarining kesib oʻtish tartibi hamda Davlat chegarasi va oʻtkazish punktlari rejimi, rejim talablari, ularni buzilishi tushunchalari aniq belgilanib, batafsil yoritib berilmoqda.
Davlat chegarasini belgilash va oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlarning vakillaridan iborat boʻlgan hukumatlararo komissiya tomonidan amalga oshirilishi koʻrsatilmoqda.
Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda transport vositalarining chegara zonasiga va oʻtkazish punktlariga kirishi (chiqishi), oʻtishi, boʻlishi (yashashi), harakatlanishi tartiblari hamda Davlat chegarasida, chegara mintaqasida va oʻtkazish punktlarida xoʻjalik va boshqa faoliyatni olib borish, xususan, dehqonchilik qilish yoki chorvachilik bilan shugʻullanish bilan bogʻliq qoidalar batafsil belgilanmoqda.

Hujjat bilan Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni amalga oshirishda qurolni, harbiy texnikani, maxsus vositalarni, jismoniy kuchni va xizmat hayvonlarini qoʻllash sharoiti va tartibi kiritilmoqda. Shuningdek, Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar ijtimoiy-huquqiy himoyasining meʼyorlari belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring