Davlat byudjeti daromadlari hisobot davrida rejaga nisbatan 102,8 foizga yoki 1,3 trln. soʻmga oshirib bajarildi — Sh. Qudbiyev

17:04 14 Iyun 2023 Siyosat
488 0

Davlat byudjetidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga biriktirilgan aholi jon boshiga dori va tibbiy buyumlar uchun ajratilgan mablagʻ miqdori oʻrtacha 3 baravarga oshirilib, 2022-yilda 578,1 mlrd. soʻm mablagʻ yoki 2021-yilga nisbatan 368,9 mlrd. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh. Qudbiyev maʼlum qildi. 

Aytib oʻtilganidek, tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 35,4 ming nafar fuqaroga zarur asbob-uskunalarni, texnologiyalarni harid qilish uchun 2022-yilda 168 mlrd. soʻm subsidiya ajratildi.

Majlisda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyotida joriy yilda ham yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlari taʼminlanib, 2023-yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga oʻsgan.

Hisobot davrida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida anomal sovuq va energiya inqirozidan talafot koʻrgan tadbirkorlik subyektlariga 13 trln. soʻmlik kreditlar ajratilgan, 1210 ta tadbirkorning kredit toʻlov boʻyicha qarzdorlik muddatlari uzaytirilgan va ularga soliq qarzini boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan.

Global miqyosdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat bilan bogʻliq keskinliklar kuzatilayotgan bir vaqtda mamlakatimizda Davlat byudjeti barqarorligini taʼminlashga erishilmoqda. Davlat byudjeti daromadlari hisobot davrida rejaga nisbatan 102,8 foizga yoki 1,3 trln soʻmga oshirib bajarildi.

Iqtisodiyotda soliq yukining pasayganligi evaziga tadbirkorlar faolligining oshishi hamda investitsiyaviy faollikning kuchayishi byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер