“CYBER 10 DAY” kompleks targʻibot tadbirlar doirasida kiberjinoyatlardan ogoh boʻlishga qaratilgan innovatsion tanlovlar oʻtkaziladi

13:45 22 Fevral 2023 Jamiyat
1126 0

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimi Saidkamol Sodiqov kiberjinoyatchilikni oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan maʼlumot berdi.

Soʻnggi yillardagi axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarning oʻsish tendensiyasi saqlanib qolmoqda.

Shu sababli, kiberjinoyat deb aytilayotgan holatlar soni bir necha barobarga ortib, umumiy jinoyatchilikning katta qisimini tashkil qilmoqda.

Shu turdagi jinoyatlarning sabablari chuqur oʻrganilganida firibgarlar tomonidan turli xil usullardan foydalanib sodir etayotganligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, jinoyatlarning:

- Telefon qoʻngʻiroqlari davomida oʻzini toʻlov kompaniyasi (“Click” va b.) yoki bank xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtirib, karta raqami va maxfiy kodini qoʻlga kiritish orqali (17 foizi),

- Moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli oʻyin gʻolibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havola orqali bank karta maxfiy kodni qoʻlga kiritish yoʻli bilan (34 foizi);

- Onlayn savdo platformalari orqali karta raqami va kodining oshkorlashtirilishi natijasida (14 foizi),

- Oldindan toʻlovlarni amalga oshirishga erishib, pullarni qaytarmasdan va kelishuvni bajarmasdan jabrlanuvchining mablagʻi qoʻlga kiritish yoʻli bilan (22 foizi),

- Umra uchun toʻplagan pullarini tasdiqlovchi kodni qoʻlga kiritish orqali;

- Soxta onlayn moliyaviy birjalar orqali («Binans» va b.) sodir etilganligi aniqlangan (9 foizi).

Shuning uchun, bundan keyingi ishlarimizda bank kartalari bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish va aholi orasida “raqamli immunitet«ni shakllantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi «Internet tarmogʻida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 20-fevral kunidan boshlab 10 kun davomida Toshkent shahrining bank kartalari bilan bogʻliq murojaatlar eng yuqori boʻlgan Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida “CYBER 10 DAY” (Sayber ten dey) kompleks targʻibot tadbirlarga start berildi.

“CYBER 10 DAY” kompleks targʻibot-tashviqot tadbirlari “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” shaklidagi aholining har bir qatlami oʻrtasida individual yondashuv asosida olib boriladi.

Tadbir davomida, korxona, tashkilot, muassasalar va taʼlim muassasalari shuningdek, bozorlar, savdo komplekslari va jamoat joylari ham qamrab olinadi. Tadbirlarini yanada qizgʻin tus oldirish maqsadida taniqli sanʼatkorlar jalb etiladi.

Ularga bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni oshkor etish orqali pul mablagʻlari talon-toroj qilinishi hamda global tarmoq orqali sodir etilayotgan boshqa jinoyatlarning ogʻir oqibatlari xususida tushuntirish ishlari olib boriladi.

Aholini ushbu turdagi jinoyat usullaridan xabardorligini oshirish hamda kiberjinoyatlardan himoyalanish boʻyicha rasmiy YouTube kanalimizda joylashtirilgan targʻibot videolavhalari orqali joylarda amaliy koʻrsatib beriladi.

Tadbirlar davomida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi hamda kiberjinoyatlardan ogoh boʻlishga qaratilgan 10 dan ortiq innovatsion yondashuv asosida tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Jumladan:

- mahallalar oʻrtasida «Eng yaxshi mahalla»;

- katta yoshdagi aholi vakillari, nafaqaxoʻrlar ishtirokida «Bank kartasi kodini hech kimga bermayman» nomli;

- blogerlar oʻrtasida «Eng yaxshi kontent»;

- taʼlim muassasalaridagi yoshlar, ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi aholi oʻrtasida «Eng yaxshi monolog», «Eng yaxshi insho», «Eng yaxshi sheʼr» tanlovlari;

- 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida “Kiberxavfsizlik bilimdonlari” intellektual oʻyinlari shular jumlasidandir.

Kompleks targʻibot-tashviqot tadbirlari 2023 yilning 1-mart kuniga qadar davom etib, tanlovlarda faol ishtirok etgan gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash tadbirlari Yoshlar ijod saroyida oʻtkazilishi belgilangan.

Tanlov jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida tadbirlarning har bir bosqichi foto va videoga olinib, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining ijtimoiy tarmoqlardagi YouTube va telegram kanallarida hamda ushbu tadbirlar uchun maxsus ishlab chiqilgan www.cyber10day.uz veb-saytida, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер