Ukraina Oliy Radasi Rossiyaning “Covid-19”ga qarshi vaksinasini taqiqlash haqida qonun qabul qildi
Unga koʻra, Ukraina AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Hindistonda ishlab chiqarilgan “Covid-19”ga qarshi vaksinalarni sinovdan oʻtkazmasdan tezlashtirilgan tartibda roʻyxatga olishga tayyor. Lekin Rossiya vaksinalariga cheklov qoʻyiladi.
Ushbu qonun Ukrainada “belgilangan tartibda tajovuzkor davlat deb tan olingan mamlakatda ishlab chiqarilgan” vaksinalardan foydalanishni toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlaydi. Oliy Rada Rossiyani 2015-yil yanvar oyida “tajovuzkor davlat” deb tan olgan.
Qabul qilingan qonun loyihasi bilan “Dori vositalari toʻgʻrisida”gi qonunga ham oʻzgartirishlar kiritish koʻzda tutilgan. Chunki bu qonun hozirda dunyoda ishlab chiqarilgan biron bir vaksinani mamlakatda roʻyxatdan oʻtkazishga imkon bermaydi. Zero, ularning hech biri rasmiy ravishda sinovlarning uchinchi bosqichidan oʻtmagan.
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida taʼkidlanishicha, uni qabul qilishdan asosiy maqsad Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga moslashtirilgan qonunchilik maydonini yaratishdir. Bu “majburiyat yuzasidan” dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonining huquqiy maqomini tartibga soladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring