COVID-19: Har 6-12 oyda qayta emlanishi lozim boʻlgan aholi guruhi maʼlum qilindi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Immunizatsiya boʻyicha ekspertlar strategik maslahat guruhi (SAGE) COVID-19 ga qarshi emlanish yuzasidan tavsiyalarini yangiladi.
Shunga muvofiq qayta ishlangan “Yoʻl xaritasi”da vaksina olishi zarur boʻlgan qatlam uch asosiy guruhga ajratildi. Ushbu tasniflash kasallikning ogʻir kechishi va oʻlim xavfiga koʻra “yuqori”, “oʻrta” va “past” darajalarni qamrab oldi.
Xususan, yuqori xavf guruhi sifatida quyidagi aholi toifasi birinchi navbatda vaksina olishi zarurligi belgilandi:
— keksa yoshli kishilar;
— qandli diabet va yurak xastaligiga chalingan yoshlar
— immunitet tanqisligidan aziyat chekayotganlar (OIV infeksiyali va transplantatsiya qilingan kattalar va olti oylikdan oshgan bolalar);
— homilador ayollar;
— tibbiyot xodimlari.
JSST ushbu guruhga mansub kishilar oxirgi emlanishdan 6 yoki 12 oy oʻtgach, buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
— Oʻrta xafv guruhiga:
— yondosh xastaliklari boʻlmagan 50-60 yoshli sogʻlom kishilar,
— qoʻshma kasalliklarga chalingan bolalar va oʻsmirlar kiritildi.
Bu aholi qatlami toʻliq bosqichda emlangandan soʻng bir marta buster doza qabul qilishi yetarli, deb topildi.
Past xavf guruhiga 17 yoshgacha boʻlgan sogʻlom bolalar va oʻsmirlar kiritildi.
JSST ekspertlari xulosasiga koʻra, vaksinalar va ularning buster dozalari bolalar uchun xavfsiz boʻlsada, ularning emlanishiga doir qarorlar mamlakatlardagi kasallik tarqalish darajasi, ehtimoli va iqtisodiy omillarga asoslanishi kerak.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring