Chust tajribasi respublika boʻylab keng ommalashtiriladi

13:41 26 May 2021 Iqtisodiyot
1035 0

Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mulkdorlar sinfini shakllantirish hamda ularning mustaqilligini taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Islohotlarning dastlabki bosqichida fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyatini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda ularni yetakchi kuchga aylantirish boʻyicha mustahkam huquqiy asos va zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Bu jarayonda aholi tomorqalariga kafolatlangan koʻchat va urugʻlarni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun hududlarda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlar odamlarning tomorqalarga ekin ekib, olingan hosilni xaridorga yetkazguniga qadar ularga koʻmakdosh boʻlib kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov Namangan viloyatida safari chogʻida yosh fermer va tomorqachilar bilan uchrashdi.

Spiker oʻrinbosarining viloyatga tashrifi Norin tumanidan boshlandi. Tumandagi “Boyovul” MFYda boʻlib oʻtgan muloqotda yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlari koʻzdan kechirildi. Yoshlarni qiynayotgan muammolar oʻrganilib, ular tomonidan koʻtarilgan masalalar tegishli mutasaddilar ishtirokida hal etildi.

Mazkur uchrashuvlar doirasida shu mahallada yashovchi T.Otamirzayev xonadonida boʻlib, oʻz tomorqasidan oqilona foydalanayotgan tomorqachi bilan dildan suhbat qildi. Uning tomorqada limon, kartoshka, pomidor va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirayotgani ishtirokchilarni quvontirdi.

Norin tumanida issiqxonalar tashkil etib, u yerda limon koʻchatlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻygan yoshlar bilan boʻlib oʻtgan muloqotlar ham koʻtarinki ruhda oʻtdi. A.Haitov yosh fermerlarning istaklari va takliflarini eshitib, ularning takliflarini qoʻllab- quvvatladi.

Ishchi guruh aʼzolar viloyatga uchrashuvi chogʻida Chust tumanidagi “Chust tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.

2018-yilda tashkil etilgan jamiyat yuqori navli koʻchat va urugʻ yetishtirish va tarqatish, aholi tomorqasiga texnik xizmat koʻrsatish, yetishtirilgan mahsulotni sotib olish, saqlash va eksport qilish bilan shugʻullanmoqda.

Muloqotlar davomida jamiyatda joylashgan chorvachilik inshooti xalq vakillarida katta taassurot qoldirdi. Chorvachilik, tomorqa, issiqxona, koʻchat yetishtirish boʻyicha zarur tavsiyalar berilib, Chust tajribasini respublika boʻylab ommalashtirish taklif etildi.

Korxona hududiga qisqa muddat ichida ming tonna mahsulotni saqlash sigʻimiga ega boʻlgan sovutqich, 300 tonna sigʻimli muzlatkich oʻrnatilgan. Bu yerda aholi tomorqalarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar saqlanadi. Eng muhimi, olma, oʻrik, nok va boshqa mevalardan tayyorlangan quritilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham oʻz xaridorlarini topgan.

Masalan, pandemiya sharoitida 110 tonna ana shunday mahsulotlar Rossiya aholisiga yuborildi. Sutni qayta ishlash sexida tayyorlanayotgan qaymoq, sariyogʻ, pishloq mahsulotlariga Qozogʻiston Respublikasidan buyurtma tushgan. Hozirda Chust tumanining bir qator qishloqlarida aholidan sutni qabul qilib olish punktlari ish boshlash arafasida.

Issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor, bulgʻor, karam koʻchatlari tomorqa egalari ehtiyojiga qarab yetkazib berilmoqda. Mutaxassislar joyiga borib koʻchatlarni parvarishlash boʻyicha amaliy maslahatlar berayotir.

Darvoqe, korxonada chorvachilik boʻyicha ham tajriba toʻplangan. Hozir Avstriya, Rossiya, Qirgʻiziston davlatlaridan olib kelingan 30 bosh zotdor mollar boqilmoqda. Jamiyat tomonidan aholiga sifatli va arzon goʻsht va sut mahsulotlari tayyorlanib, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va shifoxonalarga yetkazib berilmoqda.

Eʼtiborga molik tomoni, «Chust tomorqa xizmati» MCHJda ayni vaqtda 200 nafarga yaqin “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ayollar va yoshlar ish bilan taʼminlangan. Qolaversa, korxonani kengaytirish, tomorqa egalariga koʻrsatiladigan xizmatlar turini koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari A.Haitov tomorqa xizmatida yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Tomorqadan qishin-yozin daromad olish, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirish hozirgi paytda gʻoyat muhimligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер