Chor Bakrdan taralgan ziyo
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro shahridan olti chaqirim gʻarbda joylashgan qadimiy Sumitan qishlogʻidagi Chor Bakr meʼmoriy majmuasi mahobati, tarixiy ahamiyati jihatidan mamlakatimizdagi bebaho yodgorliklar sirasiga kiradi. Tarixchilar bu muqaddas goʻshani Joʻybor xoʻjalarining yirik vakili Abu Bakr Saʼd nomi bilan bogʻlaydilar.
Ziyoratgohning barpo etilishi esa milodiy 1559-yilga borib taqaladi. Xuddi shu yili Buxoro xoni Abdullaxon II tomonidan bu yerda masjid, madrasa va xonaqo barpo etilgan.
— Bu bejiz emas, — deydi Chor Bakr jome-masjidi imom-noibi Zayniddin Shodiyev. — Abdullaxon II Muhammad Islom Joʻyboriyga murid tushgan. Bu yerda yigirmaga yaqin oilaviy xilxona bor. Joʻyboriy xoʻjalari Naqshbandiya tariqati ixlosmandlari sanalgan. Bogʻ-rogʻlar bilan hisoblaganda hozir qadamjo hududi taxminan 17-20 gektarni tashkil etadi.
Tarixchi olim Halim Toʻrayevning yozishicha, ilmiy adabiyotlarda “Joʻybor shayxlari” nomi bilan ham tilga olinadigan buxorolik bu nufuzli xonadon vakillari XVI-XVII asrlarda Buxoro xonligi ijtimoiy–siyosiy va maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutganlar.
— Hayitlarda Abdulazizxon tomonidan Xoja Tojiddin Joʻyboriyga alohida hurmat koʻrsatilib, uni xonning yoniga oʻtqazishardi, — deya yozadi olim. —Xon saroyidagi oliy majlislar ham Xoja Tojiddin ishtirokisiz oʻtmasdi.
Shu kabi koʻplab misollar koʻrsatadiki, Joʻybor shayxlari el orasida alohida mavqega ega boʻlishgan. Ular qator qishloqlarda ariqlar qazdirib, dehqonchilik rivojiga yoʻl ochishgan. Oʻz hisoblaridan masjidu madrasalar, karvonsaroy va sardobalar qurib, ehtiyojmand kishilar, yetim – yesirlarga yordam qoʻlini choʻzishgan. Ularning ilmu maʼrifatga ham mehrlari baland edi. Masalan, Xoja Saʼdning kichik oʻgʻli Xoja Abdukarim shaxsiy kutubxonasida 400 jildlik qoʻlyozma kitoblar saqlangan.
Buni qarangki, xonu amaldorlarni ezgu ishlarga daʼvat etgan, kambagʻallarga qayishgan, xayru saxovati, ilmu maʼrifati bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan Joʻyboriylar mangu qoʻnim topgan qadamjo shoʻro tuzumi davrida qarovsiz qoldi. Masjidu madrasa nuradi. Moʻjaz minora, maqbaralar taʼmirtalab holga keldi. Butun boshli qadamjoni shoʻr tuproq girdobiga oldi.
Sir emas, yurtimizdagi ayrim tarixiy yodgorliklar urushlar, texnogen taʼsirlar va qarovsizlik oqibatida yer bilan yakson boʻlgan. Chor Bakrni ham shunday koʻrgulik kutayotgan edi. Ammo Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, qadriyatlarimizga munosabat tubdan oʻzgardi. Buyuk ipak yoʻlining shundoq yoqasida joylashgan bu meʼmoriy majmua aynan istiqlol yillarida obod manzilga aylantirildi. Ajdodlar aql-zakovati bilan bunyod etilgan yodgorliklar saqlab qolindi. Joʻyboriy xoʻjalar, ular qoldirgan maʼnaviy meros haqida tadqiqotlar qilindi. Bu yerdagi obidalar tarixi oʻrganildi. Qadamjo davlat muhofazasida.
...Qadimiy Chor Bakrda boʻlsangiz, ruhingiz allaqanday yengil tortadi. Ajdodlar xoki poyini ziyorat qilib, dunyoning oʻtkinchiligini, kishidan faqat ezgu ishlar qolmogʻi zarurligini yurak-yurakdan his etasiz. Dil xotirjam tortadi. Ishdan, hayotdan huzur-halovat topasiz. Bularning bari Chor Bakr ziyosidan. Shubhasiz, bu ziyo hech qachon zavol topmaydi!
Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring