Chiqindidan eksportbop yonilgʻi mahsuloti tayyorlanmoqda

18:21 16 Mart 2023 Jamiyat
944 0

Foto: Xalq so‘zi

Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi «2020–2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasida Xoʻjayli tumanida ham qator yangi korxonalar ishga tushirildi. Ulardan biri - “FARMERGY” xorijiy korxonasida qizilmiya ildizini qayta ishlashdan chiqqan chiqindilardan yonilgʻi tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

— Qoraqalpogʻistonda qizilmiya oʻsimligi tabiiy holda oʻsadi, —deydi xitoylik investor, “FARMERGY” xorijiy korxonasi rahbari Cheol Kim. — Ushbu oʻsimlikni qayta ishlash jarayonida chiqindilaridan granula shaklida tayyorlayotgan yonilgʻi mahsulotimiz bemalol koʻmir oʻrnini bosa oladi. Joriy qish mavsumida mahalliy xaridorlar mahsulotimizdan foydalanib, yuqori baho berishdi.

Quvonarlisi, hali ish boshlaganimizga endi uch oycha vaqt boʻlsa hamki, mahsulotimizni Yevropa bozoriga eksport qilish imkoniyatiga erishish arafasida turibmiz.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 17 milliard 482 million soʻmni tashkil etadi. Shundan 1 million 500 ming dollari xorijiy investitsiya mablagʻlari hisobiga toʻgʻri keladi.

Korxona yiliga 1 milliard 250 million soʻmlik qizilmiya ildizi qoldiqlaridan granulalar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Maʼlumot uchun. Qoraqalpogʻistonda 2020–2023-yillarda 1 ming 359 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish orqali 17 ming 561 ta ish oʻrni yaratish belgilangan. Hozirgi kungacha 1 ming 247 ta loyihaning toʻliq ishga tushishi natijasida 13 mingdan ortiq kishi bandligi taʼminlandi.

Gʻ. OTAJONOV, «Xalq soʻzi».

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер