Byuroning referendumni kuzatish missiyasi oʻz ishini boshladi

05:56 29 Mart 2023 Siyosat
558 0

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB)ning referendumni kuzatish boʻyicha cheklangan missiyasi Toshkentda oʻz ishini boshladi.

Cheklangan missiya tarkibiga elchi Albert Yonsson (Islandiya) va uning oʻrinbosari Lusine Badalyan (Armaniston) rahbarlik qilmoqda.

Missiya tarkibi 10 nafar ekspertdan, jumladan, siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, uzoq muddatli kuzatuvchilar koordinatori, DIIHB idorasi xodimlari va maslahatchilaridan iborat.

Kecha Markaziy saylov ­komissiyasi (MSK)da YEXHT ­DIIHB missiyasi aʼzolari ­bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Elchi Albert Yonsson taʼkidlaganidek, DIIHBning cheklangan missiyasi Oʻzbekiston MSKning taklifini boʻlajak referendumda maksimal darajada ochiqlik va demokratiyani taʼminlash istagi sifatida baholaydi. Asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qoʻshiladi.

Ovoz berish kunidan soʻng missiya referendumgacha boʻlgan davr va referendumdan keyingi faktlarni koʻrsatuvchi dastlabki bayonotini taqdim etadi.

Shundan soʻng referendumni tashkil etish va oʻtkazish sohasidagi amaliyot va qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar, tavsiyalarni oʻz ichiga olgan yakuniy hisobot tayyorlanadi.

Uchrashuv chogʻida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizomxoʻjayev referendum jarayonlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilganligi, MSK tomonidan tasdiqlangan kalendar reja va milliy qonunchilik asosida referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Tomonlar Markaziy saylov komissiyasi va YEXHT DIIHB oʻrtasida samarali hamkorlikni davom ettirish boʻyicha fikr almashdilar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер