“Buyuk ipak yoʻli” xalqaro sayyohlik markazi tarixga kirdi

14:15 16 Sentyabr 2022 Siyosat
1209 0

Foto: Xalq so‘zi

Barchamizga maʼlumki, “Yer yuzining sayqali”, deya taʼrif berilgan Samarqand insoniyat sivilizatsiyasi tarixida oʻziga xos salmoqli va oʻchmas iz qoldirgan.

Uning buguni ham oʻtmishiga mos zalvorli oʻzgarishlarga boy boʻlmoqda. Shu bois ham boy madaniy merosga ega va yangilanishlar markazidagi bu shahar mudom dunyo hamjamiyatining diqqat markazida boʻlib kelyapti.

Yaqinda Samarqand viloyat hokimligi tomonidan “Maʼnaviyat” nashriyotida azim Samarqandning boy oʻtmishi va bu yerdagi bugungi oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot hamda rasmlarni oʻzida mujassam etgan “Samarqand yer yuzining sayqali” deb nomlangan yangi kitob-albom chop etildi.

Unda Samarqandning paydo boʻlishi va rivojlanishi, boy tarixi, dunyo tamadduni rivojida tutgan oʻrni bilan birga, qadim kentdagi bugungi oʻzgarishlar, bunyodkorliklar oʻz aksini topgan.

Jumladan, shaharning birinchi renessans davrida tutgan oʻrni, Somoniylar va Qoraxoniylar davri, Amir Temur va temuriylar davri, soʻnggi oʻrta asrlar va yangi davrdagi oʻzgarishlar, Samarqandning XIX-XX asrlardagi holati, shaharning noyob madaniyati, anʼanalari va sanʼati, Oʻzbekiston mustaqilligi yillaridagi oʻzgarishlar, bugungi zamonaviy shahar qiyofasi va nihoyat, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro sayyohlik markazining imkoniyatlari maʼlumot hamda yorqin fotosuratlar asosida yoritib berilgan.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Samarqand haqidagi bunday kitob-albom bundan 15 yil avval – 2007-yilda Samarqand shahrining 2750-yilligi munosabati bilan tayyorlangan edi. Lekin unda koʻproq shahar haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. Mazkur kitob-albomda esa viloyatning iqtisodiy imkoniyatlari, turistik salohiyati, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, taʼlim va albatta, keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tufayli yaratilgan yangi obyektlar, sanoat korxonalari toʻgʻrisidagi eng soʻnggi maʼlumot va suratlar ham oʻrin olgan.

Oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozilgan mazkur kitob-albomning Shanxay hamkorlik tashkiloti yigirma ikkinchi sammiti arafasida chop etilishini toʻyga munosib tuhfa boʻldi, deyish mumkin.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер