“Butik”lar kimga xizmat qiladi?

15:06 09 Yanvar 2020 Jamiyat
2186 0

“Butik” soʻzi qachondan isteʼmolga kirib keldi?.. Bu soʻzni koʻpchiligimiz tushunmaymiz, koʻproq kiborlar “tili”da aylanadi. Aslida “butik” soʻzi fratsuz tilidan olingan boʻlib, uncha katta boʻlmagan mashhur va qimmatbaho doʻkon maʼnosini anglatadi. Oddiy xalq “Butik”dan kiyinishni elitaga yaqinlashish yoki madaniyatning yuksak choʻqqisi, deb biladi. Xullas, lisonimizdagi “elita” pardalari iborasi ham shu oqbilak oyimlarning qayta-qayta takrorlashni xush koʻradigan “butik” soʻzi taʼsiridan kelib chiqqan boʻlsa, neajab.

Xoʻsh, “Butik”lar kimga xizmat qiladi?.. “Butik”dan kiyinishni orzu qilib yurganlarning ehtiyoji va choʻntagiga yarasha kiyim-kechaklar bormi?.. Yoki “butik”dan kiyinganlarni zamonaviy odamlar deya olamizmi?

Poytaxtimizdagi mashhur va qimmatbaho “Butik”larga kirganmisiz, u yerdagi ayollar liboslari deyarli, hammasi xorijdan keltirilgan. Mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydiganlari ham bor. Bularning xaridori bilan hech qiziqib koʻrganmisiz?..Doʻkonga kirishingiz bilan qoʻlingizga tutadigan moda jurnallarining “qahramon”lari ham chet ellik kino, estrada yulduzlari, modellar va hokazolar... “Butik”ka adashib kirib qolganlar nimani xarid qilishni bilmay, boshi qotadi. Chunki bu yerdan toʻyga yoki kundalik hayotimiz uchun xijolat tortmasdan kiyib yuradigan liboslar kam topiladi. Shundan aksariyat “butik”lar huvullab yotadi. Toʻgʻri, yurtimizda turli millat vakillari istiqomat qilishadi. Koʻpincha ularni “butik”larda uchratamiz. Lekin sotuvchi bilan savdolashib turganini koʻrmaysiz. Birinchidan, “Butik”dan biror narsa sotib olishga har kimning ham qurbi yetavermaydi, ikkinchidan, liboslar etiketkasida qaysi firmada ishlab-chiqarilgani yoki bu inson salomatligi uchun qay darajada taʼsir koʻrsatishi haqida birorta maʼlumot topolmaysiz. Qaytanga, chet elliklar hamma narsani oʻzimizda tabiiy matolardan ishlab-chiqarilgan kiyim-kechaklar doʻkonidan xarid qilishadi. Aslida “butik”lardagi savdo uni amalga oshiruvchilarning xarajatlarini qoplamaydi ham.

Shahar markazidagi eng oʻngʻay, savdo yoki boshqa xizmat koʻrsatishga qulay bu uylar shaharsozlik shartlarini bajarish uchun xoʻjakoʻrsinga ochib qoʻyilganga oʻxshaydi. Doʻkondorlarning “butik”dan tushadigan daromadga ehtiyoji yoʻq. Bu kabi yuzlab doʻkonlar bekordan-bekorga joyni egallab yotibdi. Shuni oʻrniga, har bir koʻchaning oʻz kiyim-bosh doʻkonlari boʻlsa, tabiiy matolarimizdan zamonaviy kiyim-kechaklar tikib, yana oʻzimizga Koreya, Turkiya, Qozogʻiston orqali qimmat narxda qaytib kelayotgan liboslarni oʻzimizda ishlab-chiqarishni yoʻlga qoʻysak, kimsasiz huvullab yotgan doʻkonlarimizdan xaridorlar arimasdi. Undan tushadigan yirik daromad ham ayrim kishilarning qoʻlida toʻplanib qolmasdan, mamlakat obodligiga xizmat qilardi.Nazarimizda, “Butik”lar faoliyatini oʻrganish, xalqqa xizmat qildirish, odamlarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish vaqti keldi.

Maʼmura ZOHIDOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Oʻquv-metodika va harbiy-vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер