Bulungʻurda ishga tushirilgan 124 ta loyiha hisobidan mingga yaqin odamning bandligi taʼminlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Bulungʻur tumanida xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish hisobiga sanoat korxonalari faoliyati kengayib, yangi-yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Xususan, tumanning Yangiqoʻrgʻon mahallasida ishga tushirilgan «AGRO FAROVON ZAMIN» MCHJ qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan boʻlib, bu yerda yiliga 6 ming tonna mahsulot qayta ishlanmoqda.
Korxonada 30 nafar doimiy va 100 nafardan ziyod mavsumiy ishchi faoliyat koʻrsatadi. Bulgʻor qalampiri, qizil lavlagi, qovoq, sabzi, gulkaram kabi sabzavotlar Bulungʻur, Toyloq va Jomboy tumanlaridagi fermer xoʻjaliklari tomonidan shartnoma asosida olinadi.
— Mahsulotlarimiz MDH davlatlariga eksport qilinyapti. — deydi «AGRO FAROVON ZAMIN» MCHJ ish yurituvchisi Zuhra Ahmedova. — Tayyor quritilgan qishloq xoʻjaligi mahsuloti 15 daqiqa davomida issiq suvda namlanib, barcha tabiiy xususiyatlar, rangi, tabiiy hidi, shakli, taʼmi tiklanadi. Quritilgan sabzavot mahsulotini qaynatish, qovurish, xom va quruq holda isteʼmol qilish mumkin.
Oʻtgan yilning may oyida tumanning Mingchinor mahallasida Samarqand shahridagi «Daka intex» korxonasining filiali ishga tushgan edi. Bu yerda yiliga 6 milliard soʻmlik tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
— Korxonamizda 200 nafardan ziyod ishchi bor, — deydi «Daka intex» MCHJ texnologi Ersen Boztepe. — Uskunalar Yaponiya va Janubiy Koreyadan keltirilgan boʻlib, yiliga 2 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Tumanda investitsiya dasturi doirasida va qoʻshimcha loyihalar hisobidan sanoat sohasida 138,5 milliard soʻmlik 488 ta ish oʻrniga ega 22 ta, qishloq xoʻjaligida 52,1 milliard soʻmlik 54 ta ish oʻrniga ega 11 ta, xizmat koʻrsatishda 126,4 milliard soʻmlik 446 ta ish oʻrniga ega 91 ta loyiha ishga tushirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring