Buloqboshiliklar sarimsoqpiyozni xorijga eksport qilib, yaxshi daromad olishmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon viloyatida har bir mahallaning oʻz drayveri bor. Masalan, Buloqboshi tumanida uzumchilik bilan sarimsoqpiyoz yetishtirish ommalashgan. Ayniqsa, aholi xonadonlarida bu yoʻnalishda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Tomorqadagi yumushni oʻz faoliyatiga aylantirgan fermer xoʻjaliklari soni ham ortib bormoqda. Shu tariqa ayni paytda fermer xoʻjaliklarining 460, aholi xonadonlarining 235 gektar maydonida sarimsoqpiyoz parvarishlanyapti.
— Tumanimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilgan, —deydi tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi Jasurbek Arabov. – Ayniqsa, sarimsoqpiyoz yetishtirishga katta eʼtibor qaratamiz. Boisi, hududning iqlim sharoiti shu ekinga mos. Hozirda ushbu ekin turi uchun ajratilgan yer maydonining 80 foizida ekilgan urugʻ nish ura boshladi.
Tumanda ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi fermerlar va tomorqa yer egalari ishtirokida amaliy seminar mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Unda bu yilgi iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sarimsoqpiyoz yetishtirishda uning agrotexnik qoidalariga rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
— Dehqonchilik shunday sohaki, unda muayyan bir agrotexnikaning oʻzi yoʻq, —deydi tomorqa yer egasi Nasibillo Abdushukurov. –Hamma narsa ob-havoga bogʻliq. Shu bois bugungi seminarning biz yer egalari uchun ahamiyati nihoyatda katta. Misol uchun, bu yil 20-avgustdan 20-sentyabrgacha sarimsoqpiyoz ekishning ayni payti ekanligi, dastlabki sugʻorish ishlarida yerdagi namlik ketib ulgurmay ikkinchi sugʻorishni amalga oshirish ekinning baravj rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi uqtirildi.
Buloqboshiliklar shu kunlarda yerga qadalgan sarimsoqpiyoz urugʻidan kelgusida 3500 tonna hosil yigʻishni rejalashtirganlar. Quvonarlisi shundaki, uning deyarli yuz foizi xorijga eksport qilinadi. Bu nafaqat, tuman iqtisodiyotining, balki, tomorqa yer egalarining daromadi ortishiga olib keladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring