Buxorolik shifokorlar Hindistonda malaka oshiradi
Foto: Халқ сўзи
Yaqinda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda bir qator yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqida xabar bergan edik. Bu jarayon viloyatda tibbiy xizmat sifatini oshirish, davolashning samarali usullarini amaliyotga dadil tatbiq etish borasidagi imkoniyatlar kengligini koʻrsatdi. Zero, tibbiyotdagi hamkorlik soha ravnaqiga, el-yurt salomatligiga xizmat qiladi.
Ana shundan kelib chiqqan holda RSHTYOIM Buxoro filiali bilan Hindistonning “JAYPEE” klinikasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda tibbiy koʻrik va jarrohlik amaliyotlarini hamjihatlikda oʻtkazish, oʻzaro tajriba almashish koʻzda tutilgan.

Kelishuvga koʻra, joriy yilning aprelida bir guruh buxorolik shifokorlar Dehlida joylashgan “JAYPEE” klinikasida malaka oshiradilar. Bu jarayon keyingi oylarda ham davom etadi. Yana bir qator murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun zarur koʻnikmalar hosil qilinadi.
Mahalliy shifokorlarning xorijda davolash va jarrohlik amaliyotlarining eng zamonaviy texnologiyalarini puxta oʻzlashtirishi pirovardida bemorlarning shifo izlab chet davlatlarga borishlariga hojat qolmaydi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring