Buxorolik olimlar zamonaviy inkubator ixtiro qilishdi 

16:47 16 Noyabr 2021 Iqtisodiyot
1974 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro muhandislik texnologiya institutining professor-oʻqituvchilari, assistentlar va talabalardan iborat ilmiy guruh tomonidan tovuq, kurka, bedana, gʻoz tuxumlaridan joʻja chiqarishga moʻljallangan inkubator yaratildi.

— Bu inkubator Oʻzbekiston Respublikasi milliy sertifikatlash tizimining №UZ/SMT 01.0026.68026963 raqami bilan roʻyxatga olingan moslik sertifikatiga ega, — deydi guruh aʼzosi, institutning Oziq ovqat va kimyo sanoati mashina va jihozlar kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi, dotsent M. Narziyev. — Uning qator afzal jihatlari bor. Avvalo, import qilinadigan inkubatorlar oʻrnini toʻliq bosadi. Qolaversa, 1000 dona tuxumdan joʻja ochishga moʻljallangan bunday ixcham uskunalar chetdan keltirilmaydi. Ishlash jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgan. Inkubator harorati va namlik darajasi tabloda doimiy koʻrinib turadi. Samaradorligi ham yuqori. Faqat yoʻriqnomaga amal qilgan holda ishlatish talab etiladi, xolos. Inkubatorlar fuqarolarga subsidiyalar asosida berilmoqda. Darvoqe, yoʻriqnomada inkubatorni ishga tayyorlash, toʻgʻri ishlatish, nosozlik yuzaga kelganda qanday qilib bartaraf etishga oid barcha maʼlumotlar keltirilgan.

Eʼtiborlisi, viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi, oilasi “Temir daftar”ga kiritilgan yetti nafar fuqaro mazkur inkubatorning dastlabki xaridori boʻlishdi. 

Viloyat ikkinchi sektori tavsiyasiga koʻra, ularga ushbu inkubatorlar ajratildi. Mazkur uskunaga ega boʻlgan Buxoro tumanidagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Bayram Qahhorovning bildirishicha, inkubator roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirishga xizmat qilyapti. 

“Shu uskuna vositasida 380 ta joʻja chiqardim. Joʻjalarni sotib durustgina foyda koʻrdim”, deydi u.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер