Buxorodagi oʻn yoshga yashartiradigan oyna haqida eshitganmisiz?
Arxiv surat
Buxoro amirlarining Sitorai Mohi Xossa yozgi saroyi XIX-XX asrlar Sharq nafis meʼmorchilik sanʼatidagi noyob tarixiy-meʼmoriy obidalardan biri sanaladi.
Oy monand yulduzlar maskani maʼnosini anglatuvchi bu goʻshaning barcha binolari buxorolik mohir ustalar tomonidan tiklangan. Buyumlar esa asosan chet davlatlardan keltirilgan. Saroy xonalaridagi mebellar dub daraxti va qamishdan maxsus tayyorlangan. Ular Rossiya va Fransiyadan olib kelingan. Guldonlar hamda haykalchalar uchun moʻljallangan maxsus tagliklar Rossiyadan, Yaponiya va Xitoydan, qandillar esa Polshadan buyurtma asosida tayyorlatib keltirilgan.
Sitorai Mohi Xossadagi koʻzgular ayniqsa, oʻzining nafisligi, noyobligi bilan ajralib turadi. Italiyaning Venetsiya shahrida tayyorlangan billur oynalar, Yaponiyada qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan oyna va Rossiyadan keltirilgan oynalar saroy dahlizxonalari, ayollar yotoqxonalarida qoʻyilgan. Venetsiya oynalari qalin billurdan yasalgan. Ularga turli naqsh va shakllar berilgan. Asosiga kumush qoplama yopishtirilgan boʻlib, pastki qismi kursi shaklida ishlangan.
Oyna haqida turli tuman rivoyatlar bor. Aytishlaricha, oynaga uzoq muddat kiprik (mijja) qoqmasdan qarab turgan ayol oʻn yoshga yasharar emish. Bu oynaga qaragan inson oʻz aksini yuz foiz koʻrarkan.
Koʻrgazmada “Qirq qiz” nomi bilan mashhur oyna ham mavjud. Rossiyadan Buxoroning soʻnggi hukmdoriga sovgʻa tariqasida berilgan bu osori atiqani “baxt oynasi”, “muyassar” oynasi deb ham nomlaganlar. Gap shundaki, bu koʻzgu oldida turgan kishi oʻng va chap tomonga qarab oʻzining bir yoki ikki emas, qirqta aksini koʻradi. Shundan boʻlsa kerak, oyna oldida qilingan niyat qirq kunda amalga oshadi, degan aqida yuradi.
Aslida shu yurtning oʻtmishi, buguni va ertasiga befarq boʻlmagan maʼrifatli kishi xalqimizning boy maʼnaviy merosidan bahra olish, bu boradagi tasavvurlarini kengaytirish, bilimini oshirish niyatini diliga jo etadi va muzeylarga tashrif buyuradi.
Sitorai Mohi Xossa shu niyatning roʻyobga chiqishiga turtki vazifasini oʻtaydigan noyob goʻshalardan biridir. Zero, ahamiyati jihatidan u jahon madaniyatida Parijdagi Luvr qirollar qarorgohi, Versaldagi knyazlar, Sankt-Peterburgdagi Yekaterina va Nikolay saroylari, Qrimdagi Livada saroyi bilan bir qatorda turadi.
Nargiza JUMAYEVA,
Buxoro shahridagi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi katta ilmiy xodimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring