Buxoroda pedagoglarning malaka test sinovlari qanday oʻtmoqda?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro viloyatida pedagog kadrlarning malaka test sinovlari izchillik bilan oʻtkazilmoqda. Qorakoʻl tumanidagi 3-maktabning ingliz tili oʻqituvchisi Mashhura Irisova test sinovlarida 100 foizlik natija qayd etib, birinchi malaka toifasini qoʻlga kiritdi.
— Bu natijaga izlanish, yangilikka intilish, kitob mutolaasi evaziga erishdim, — deydi muallima. — Agar oʻqituvchi turli bahonalarni vaj qilib, oʻz bilimini oshirish haqida qaygʻurmasa uning ish samaradorligi pasayadi. Kasb malakasini oshirishni oʻylagan muallimning esa jamoa oldida ham, shogirdlari qoshida ham yuzi yorugʻ boʻladi.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi qarori asosida, joriy yilning aprel may oylarida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi pedagoglar attestatsiyadan oʻtkazilayotgan edi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab toifa berish jarayoni inson omilisiz, toʻliq avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyat markazida maxsus “Test markazi” tashkil etildi. U zamonaviy kompyuterlar, yuqori tezlikdagi internet, 150 oʻrinli sinov xonasi, videokuzatuv kameralari, hamshira va ona-bola xonalari, kutish zallari hamda oshxona bilan jihozlangan.
Buxoro viloyatida joriy yil 16-mayiga qadar 14 706 nafar pedagog attestatsiya jarayonida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring