Buxoroda kadastr filiali bosh mutaxassisi qoʻlga olindi
Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida 5 sotix yer maydoni olib berishni vaʼda qilgan kadastr filiali bosh mutaxassisi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Gʻijduvon tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Davlat kadastrlari palatasi Gʻijduvon tumani filiali shoʻba bosh mutaxassisi A.I. fuqaro Oʻ.J.ga “Bobur” MFY hududidagi 5 sotix yer maydoni goʻyoki tuman hokimligi zaxirasida turganligini aytib, ushbu yer maydonini 4 ming dollar evaziga uning nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishini vaʼda qilgan.
Shundan soʻng u oldindan 2 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring