Buxoro viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi sharoitlar qay holatda?

19:29 21 Noyabr 2023 Jamiyat
206 0

Prezidentimizning 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Ombudsman qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan.

Shunga koʻra, Ombudsman oʻrinbosari, xodimlari va Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, Jamoatchilik guruhlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan 2023-yilning 16-17-noyabr kunlari Buxoro viloyatidagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari, deputat va senatorlar, jamoatchilik vakillari dastlab Qorovulbozor tumanidagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

Monitoring tashrifida mahkumlarning saqlash sharoitlari, mehnat qilish, tibbiy yordam koʻrsatish hamda ularga nisbatan boʻladigan munosabat va muomala holatlari oʻrganiladi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan 2 mingga yaqin mahkumlarning mingdan ortigʻi ishga yaroqli. Ularning 85 foizi Jinoyat-ijroiya kodeksiga koʻra ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilingan. Koloniyaning ishlab chiqarish obyektlarida mebel ishlab chiqarish, yogʻochga va temirga ishlov berish, gʻisht ishlab chiqarish, tosh kesish, mozayka ishlab chiqarish va tikuv sexlari ishlab turibdi. Mahkumlar bilan suhbat davomida ular ishlash va oʻz vaqtida dam olish uchun sharoitlar borligi, ish haqlari hisob raqamlariga oʻz vaqtida oʻtkazilishini maʼlum qilishdi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari nogironligi boʻlgan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratishdi. Qayd etish joizki, 2022-yilda Ombudsman tomonidan masʼul idoralar bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatning ijro etilishi natijasida ushbu koloniya kirish joyiga tegishli standartga muvofiq panduslar oʻrnatilgan, kutubxonalar brayl alifbosidagi kitoblar bilan boyitilgan, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratilganiga guvoh boʻlindi.

Shuningdek, koloniyada 32 nafar nogironligi bor mahkumlar jazo muddatini oʻtamoqda. Ularning 1 nafari mustaqil harakatlana olmaydi. Shuning uchun unga alohida mahkum biriktirilgan va ushbu biriktirilgan mahkumga oylik maoshi toʻlash yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu amaliyot Ombudsman tashabbusi bilan tasdiqlangan yuqoridagi “Yoʻl xaritasi”ga asosan joriy etilgan.

Monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. 20 nafarga yaqin mahkumlarning murojaatlari qabul qilindi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari Buxoroga tashrifi doirasida 1-son jazoni ijro etish koloniyasiga ham monitoring tashrifini amalga oshirishdi. 1,5 ming nafardan ortiq mahkumga moʻljallangan ushbu koloniyada 900 nafarga yaqin shaxs jazo muddatini oʻtamoqda. Koloniyada 8 ta ishlab chiqarish sexi mavjud boʻlib, ishga yaroqli mahkumlarning 80 foizi ushbu sexlarda foydali mehnatga jalb etilgan.

Quvonarlisi, ushbu muassasada Ombudsman tavsiyasiga koʻra, mahkumlar uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy jihozlangan uzoq muddatli uchrashuv maskani qurib foydalanishga topshirilgan.

Shuningdek, ombudsman xodimlari va Jamoatchilik guruhlari aʼzolari 4-son Tergov hibsxonasida yaratilgan sharoitlarni ham oʻrganishdi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni oʻz vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib oʻtamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish boʻyicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер