Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida oʻziga xos koʻrgazma ochildi

14:55 14 Dekabr 2023 Jamiyat
438 0

Foto: Xalq soʻzi

Buxoro tarixini tubsiz dengizga mengzash mumkin. Uni oʻrganganingiz sayin ajdodlarimizning yuksak aqlu zakovati, bilimi, salohiyatidan darak beruvchi yangidan – yangi qirralar ochilib boraveradi. Buxoro tasviriy sanʼat muzeyida shu boy oʻtmishdan hikoya qilguvchi oʻziga xos koʻrgazma tashkil etildi.

— Buxoro shahri tarixiy markazining YUNESKO xalqaro tashkiloti Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganiga oʻttiz yil toʻlishi munosabati bilan uyushtirilgan bu tadbirda fotoslaydlar, xalq amaliy sanʼati ustalarining ijodiy ishlari namoyish etilmoqda, — deydi muzey masʼul xodimi Raʼno Eshonqulova. — Ular orqali tashrif buyuruvchilar shahrimizning boy madaniy va maʼnaviy merosi, osori atiqalari bilan tanishib, tasavvurlarini boyitishadi.

Darhaqiqat, shaharning tarixiy markazi 1993-yilning dekabrida YUNESKO tomonidan Kolumbiyaning Kartaxena shahrida boʻlib oʻtgan XVII sessiyada Umumjahon nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan va bu mamlakatimiz hayotidagi muhim voqealardan biriga aylangandi. Oʻshanda xalqaro tashkilot Buxoroning asrlar osha toʻplangan boy madaniy merosini alohida eʼtirof etgan holda, Buyuk ipak yoʻli yoqasida joylashgan bu qadimiy goʻshaning mintaqadagi boshqa shaharlar rivojiga ham turtki berganini taʼkidlagandi.

Shahar tarixiy markaziga kelsak, u 216 gektardan iborat. Bu yerdagi masjidu madrasalar, savdo karvonlari, xonaqolar, qadimiy uylar, hunarmandchilik buyumlari sayyohlarning katta qiziqishiga sabab boʻlib kelyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер