“Buxoro shahri kuni” nishonlandi

Sayyohlarni koʻhna va navqironligi bilan hamisha oʻziga jalb etib kelgan Buxoro bugungi kunda turfa bayramlar oʻtkaziladigan jozibali shaharga aylanib bormoqda. Bu yerda anʼanaviy tashkil etilayotgan “Ipak va ziravorlar”, “Buxoro hunarmandlari”, “Qovun sayli” kabi turfa tadbirlar qatoriga endilikda yana bir anjuman qoʻshildi: 20 oktyabr kuni “Buxoro shahri kuni” festivali koʻtarinkilik bilan oʻtkazildi.
Ikkinchi bor nishonlangan ushbu bayramda koʻplab xorijiy mehmonlar va sayyohlarni uchratdik.
— Bu anjumanda ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz, — deydi Rossiya Federatsiyasi Vladimir shahri meri Olga Deyeva. — Oʻtgan yilda shaharlarimiz oʻrtasida oʻzaro hamkorlik bitimi tuzilgan edi. Bu iqtisodiy, madaniy sohalardagi aloqalarimizni yangi bosqichga koʻtarish imkonini bermoqda. Festivalga kelsak, u xalqingizning boy madaniy merosi, urf-odatlari, anʼanalarining namoyishiga aylandi.
— Oʻzbekistonda ilk bor boʻlishim, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, germaniyalik sayyoh Xeydya Shvars. — Omadimiz bor ekan, safarimiz “Buxoro shahri kuni”ga toʻgʻri keldi. Qadimiy Buxoro menga juda yoqdi. Folklor dastalarining chiqishlarini miriqib tomosha qildim. Hunarmandlarning mahorati meni lol qoldirdi. Oʻzim kitob savdosi bilan shugʻullanaman. Shu boisdan oʻzbek yoshlari oʻrtasida kitobxonlik keng targʻib qilinayotgani, festival doirasida shu yoʻnalishda maxsus koʻrik-tanlov oʻtkazilayotganini eshitib, mamnun boʻldim.
Festival dasturidan oʻnlab tadbirlar, jumladan, “Men Buxoroni sevaman!” shiori ostida marafon, “Buxoroning shohona taomi”, “Eng namunali koʻcha”, “Eng ibratli oila”, “Eng yaxshi mehmonxona” koʻrik-tanlovlari, yosh qalamkashlarning ijodiy bahslari oʻtkazildi. Hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi uyushtirildi. Konsert dasturi namoyish etildi. Gʻoliblar va tadbirning faol qatnashchilari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring