Buxoro neftni qayta ishlash zavodi sintetik “GTL” naftasining ilk partiyasini qabul qildi
Oʻzbekistondagi eng yirik investitsion loyihalardan biri boʻlgan «Uzbekistan GTL» zavodi mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu loyiha qisqa vaqt ichida hayotga tatbiq etildi.
Avval xabar qilinganidek, 2022-yil 29-iyun kuni “Oʻzbekneftgaz” AJ «Uzbekistan GTL» zavodi Oʻzbekiston neft-kimyo sanoati tarixidagi birinchi sintetik dizel mahsulotlari ishlab chiqarilganligini rasman eʼlon qildi. Shuningdek, iyun oyida Oʻzbekiston tarixida ilk marta «Uzbekistan GTL» zavodida sintetik neft ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kengaytirish doirasida 2022-yil 22-iyul kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodida sintetik “GTL” naftasining birinchi partiyasi qabul qilingan boʻlib, undan avtomobil benzinining mashhur rusumlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga har oyda 5 ming tonna “GTL” sintetik naftasi qabul qilish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar, birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojlarini qoplash uchun yetkazib beriladi.
Maʼlumot uchun taʼkidlash joizki, “GTL” naftasi neft va kimyo sanoati va uning eng muhim jarayoni hisoblangan bugʻli krekingi uchun qimmatbaho xomashyodir. “GTL” naftasining samaradorligi shundan iboratki, u xomashyo sifatida ishlatilganda mahsulot hajmi va yakuniy mahsulot sifati oshadi. Neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan neft negizidagi naftaga nisbatan “GTL” naftasining tarkibida parafinik uglevodorodlar miqdori yuqori, aromatik moddalar miqdori esa – pastdir.
Elatib oʻtamiz, «Uzbekistan GTL» zavodidan 10 tonnalik sintetik dizel yoqilgʻisining birinchi partiyasi suv arkalari orqali Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga joʻnatilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring