Bugun — Xalqaro buxgalteriya kuni
Bugun aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan soha vakillari oʻzlarining kasb bayramlarini nishonlashmoqda. Aynan shu kuni, yaʼni 10-noyabr dunyoda Xalqaro buxgalteriya kuni(International Accounting Day) etib belgilangan. Uni yana Buxgalterlar kuni(Accountantʼs Day) deb ham atashadi. Hatto koʻplab mamlakatlarda mazkur sana milliy bayram hisoblanadi.
Xoʻsh, nega aynan 10-noyabr? Tarixiy manbalarga koʻra, aynan shu kuni, toʻgʻrirogʻi XV asrning soʻngida — 1494-yil 10-noyabrda Venetsiyada Luki Pachiolining “Barchasi arifmetika, geometriya va proporsiyalar haqida” nomli asari chop etiladi. Muallif shu orqali oʻsha paytdagi matematika qiymatlarini umumlashtirishga haraqat qiladi. Pachioli haqida esa keyinroq toʻxtalib oʻtamiz.
Kitob boʻlimlaridan biri “Hisob-kitoblar va qaydlar haqida” deb nomlanib, ushbu qismda Venetsiyadagi buxgalteriya faoliyatiga batafsil toʻxtalib oʻtilgan. Shunday qilib bu buxgalteriya metodlariga bagʻishlangan birinchi bosma asarga aylanadi. Unda buxgalteriya ishini toʻliq yuritish uchun talab etiladigan maxsus atamalar ham keltirib oʻtilgan. Oʻz navbatida asar keyinchalik tijorat buxgalteriyasiga oid bir qator keng tarqalgan ishlarga asos boʻlib xizmat qildi.
Shunday qilib Luka Pachioli buxgalteriya haqidagi ilk kitob muallifi boʻlib tarixga kirdi. Shuning uchun ham uni “buxgalteriya otasi” deyishadi. Aslida u hech narsani kashf qilmagan, soha tizimini ham ishlab chiqmagan. Shunchaki Italiya Renessansi davrida venetsiyalik savdogarlar qoʻllagan usullarni qogʻozga tushirgan, xolos. Lekin bu borada birinchi boʻlgan. Asar chiqqan sana esa Xalqaro buxgalterlar kuni sifatida qabul qilingan.
Va bugungi kungacha 10-noyabr Buxgalterlar kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Fursatdan foydalanib, biz ham ushbu masʼuliyatli soha egalarini kasb bayramlari bilan tabriklaymiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring