Bu yilgi Haj mavsumi kechiktiriladi — Din ishlari boʻyicha qoʻmita rasmiy bayonot berdi
Arxiv foto
Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi tomonidan Haj-2020 mavsumiga tayyorgarlik ishlarini kechiktirib turish boʻyicha kelib tushgan murojaati yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Quyida uning matni bilan toʻliq tanishishingiz mumkin:
“Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar!
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq salbiy vaziyat jahonning koʻplab mamlakatlarida hali-hanuz saqlanib qolmoqda. Bu esa, muhim tadbir va marosimlarni vaqtincha toʻxtatib turishni taqozo etmoqda. Xabaringiz bor, avvalroq, Umra tadbirini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq jarayon vaqtincha toʻxtatilgani haqida xabar berilgan edi.
Kuni kecha, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi tomonidan Haj-2020 mavsumiga tayyorgarlikni kechiktirib turish boʻyicha rasmiy murojaat kelib tushdi.
Unda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq noxush vaziyat butun dunyoni tashvishga solayotgani, xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligida ham mazkur kasallik bilan bogʻliq holat qayd etilgani hukumatni keskin choralar koʻrishga undagani, shu munosabat bilan dunyoning turli mamlakatlaridan Umra amalini ado etish uchun tashrif buyuradigan ziyoratchilarning mamlakat hududiga kirishi vaqtinchalik toʻxtatilgani, hozircha Haj-2020 tashkiliy ishlarini amalga oshirish boʻyicha kutib turish maqsadga muvofiq ekani maʼlum qilingan.
Shuningdek, hozirda Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati hamda sogʻliqni saqlash idoralarining tavsiyalariga koʻra, mamlakatda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olish uchun yuqori darajadagi ehtiyotkorlik choralari qoʻllanilayotgani, ikki muqaddas Haramda sogʻliqni saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, profilaktika ishlari kuchaytirilgani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan, Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyatining qarori asosida “Haj-2020” mavsumining tashkiliy tadbirlarini vaqtincha toʻxtatib turish va vaziyat barqarorlashishini kutish maqsadga muvofiq deb topilgan.
Rasmiy murojaatda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi mazkur jarayon bilan bogʻliq yangilik va oʻzgarishlar yuzasidan Din ishlari boʻyicha qoʻmitani qoʻshimcha xabardor qilishi maʼlum qilingan.
Shu oʻrinda, joriy yil Haj safariga borishni rejalashtirgan va navbati yetib kelgan vatandoshlarimizga shuni maʼlum qilamizki, agar haj mavsumiga qadar Saudiya Arabistonida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashmasa, joriy yilgi navbatlar toʻliq saqlanib qoladi hamda keyingi yilga oʻtkaziladi.
Ayni vaqtda, fuqarolarimizdan karantin qoidalarini buzgan holda haj safari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tashkilotma-tashkilot yurmasliklarini, oʻzlari va oʻzgalarning sogʻligini xavf ostiga qoʻymasliklarini soʻrab qolamiz. Haj safari bilan bogʻliq barcha yangiliklar Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan Internet va ijtimoiy tarmoq saytlari orqali tezkor eʼlon qilinadi.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimiz koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq joriy etilgan karantin davrida yuksak fuqarolik madaniyatini namoyon etadilar, deb umid qilamiz va goʻzal sabr tilaymiz”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring