Bu yil Fargʻona viloyatida 41 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish maqsad qilingan
Fargʻona viloyatida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali ekin maydonlarida samaradorlikni oshirish, hosildorlikni koʻpaytirish hamda suv tanqisligi muammosini yumshatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2025-yil yakunlariga koʻra, viloyatda 81 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Xususan, 6,8 ming gektarda tomchilatib sugʻorish, 4,3 ming gektarda boshoqli don va boshqa ekinlarda yomgʻirlatib sugʻorish tizimi ishga tushirildi. Shuningdek, 1,9 ming gektarda diskret sugʻorish hamda 9,9 ming gektarda egiluvchan quvur va plyonka asosida sugʻorish texnologiyalari qoʻllanildi.
Eng muhimi, 58 ming gektar yer maydonida lazer uskunalari yordamida tekislash ishlari amalga oshirilib, suvdan samarali foydalanish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Ayni jarayondagi saʼy-harakatlar doirasida joriy yilda viloyatda qariyb 41 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilgan. Kuni kecha Yozyovon tumanida joylashgan “Mezon” fermer xoʻjaligida tajriba tariqasida viloyatda ilk bor raqamli suv nazorati yoʻlga qoʻyildi.
— Qishloq xoʻjaligida suv tanqisligi tobora dolzarb masalaga aylanayotgan bugungi sharoitda har bir tomchi suvning qadri oshmoqda, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Vohidjon Obidov. — Aqlli suv oʻlchash qurilmasi obi hayot sarfini onlayn tarzda oʻlchash va markazlashgan tizimga integratsiya qilish imkonini beradi. Natijada har bir tomchi suv toʻliq nazorat qilinadi va isrof boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Eng asosiysi, tizim inson omilini qisqartirib, hisob-kitoblarda shaffoflikni taʼminlaydi.
Yozyovon tumani suv yetkazib berish davlat muassasasi rahbari Bekzod Xolmurodjonovning qayd etishicha, avvallari suv sarfi koʻp hollarda jurnal orqali nazorat qilingan boʻlsa, endilikda raqamli texnologiyalar yordamida har bir gektar yerga sarflanayotgan suv miqdori aniq koʻrsatkichlar asosida baholanmoqda. Bu esa fermerlarga rejalashtirishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirishda qoʻl keladi.
Yangi tizim orqali suv taʼminoti boʻyicha doimiy monitoring amalga oshirilib, har qanday nosozlik yoki yoʻqotishlar tezkor aniqlanadi. Natijada suv taqsimoti samaradorligi oshib, yerlarning sugʻorilishida barqarorlik taʼminlanadi.
Aytish joiz, zamonaviy yondashuvlar tufayli mazkur fermer xoʻjaligida soʻnggi yillarda 115 gektar yerda xorij tajriba asosida paxta yetishtirilib, har gektar yerdan 60 sentnerdan ziyod hosil olishga muvaffaq boʻlinyapti. Ayni paytda fermer xoʻjaligining paxta va gʻallachilikdagi bu kabi ilgʻor tajribasi Fargʻona viloyati miqyosida keng ommalashtirilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring