Boshimiz uzra hilpiraver, ona Vatan bayrog‘i!
Foto: “Xalq so‘zi”
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida keng nishonlandi. Sana munosabati bilan uyushtirilgan asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi muhtasham sanʼat saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar bayrog‘imizda milliy-tarixiy anʼanalarimiz, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik, beg‘uborlik, go‘zallik, yaxshilik, donishmandlik, shon-shuhrat va sadoqat kabi buyuk fazilatlarimiz o‘z ifodasini topgani xususida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir davomida maʼnaviyatimizni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan soha xodimlariga “Maʼnaviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Termiziy allomalar merosi - boy maʼnaviy xazinamizdir!" mavzusidagi maqolalar tanlovi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
- O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan viloyatimiz hududida ko‘plab sport, madaniy, maʼrifiy tadbirlar uyushtirildi, - deydi Maʼnaviy va maʼrifat markazi viloyat bo‘limi rahbari N.Rahmatullayeva. - Milliy davlatchiligimiz ramzi bo‘lgan bayroq bu har birimizga nafaqat faxru iftixor baxsh etadi, balki xalqimizni yuksak marralar sari yetaklaveradi. "Termiziy allomalar merosi - boy maʼnaviy xazinamizdir!" mavzusidagi maqolalar tanlovi ishtirokchilari bu jihatlarni zo‘r mahorat bilan ifoda etganlarini taʼkidlashim joiz.
Sanʼatkorlar ijrosidagi Vatanni, tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring