Bosh prokuratura faoliyati yanada ochiqroq bo‘ladi

Bosh prokuratura faoliyati OAV uchun, fuqarolar murojaatlari uchun yanada ochiqroq bo‘ladi. Bu haqda maxsus tashkil qilingan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev bayonot berdi.
Harakatlar strategiyasining 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturidagi 231 banddan 45 tasi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-tergov faoliyatini yanada isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalashni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan. Prokuratura organlari Davlat dasturini ijro etish, jamiyatda qonuniylik va huquqiy tartibotni saqlash yo‘lida choralar ko‘rmoqda.
So‘nggi paytlarda Bosh prokuratura ishida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
O‘tgan yil 18 aprelda qabul qilingan Prezident Farmoniga muvofiq, prokuratura organlari xodimlarining mas’uliyati kuchaytirildi. Faoliyatining bosh mazmuni elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash, shuningdek, ijro ishlari tizimini tubdan takomillashtirishga yo‘naltirilgan Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Oliy o‘quv kurslari Bosh prokuratura akademiyasiga aylantirilib, izchil tizim doirasida prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi. To‘qqizta yangi boshqarma tuzildi. Xususan, yoqilg‘i-energetika kompleksida, moliya-bank sohasida, soliq va bojxona sohasida, transport, qurilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari sohasida, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasi va boshqa ijtimoiy sohalarda qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazorat, tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish, Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat, prokurorning ma’muriy sud ishlarini yuritishda vakolatlarini ta’minlash, tergovni uslubiy jihatdan ta’minlash kabi boshqarmalardir.
Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib qayta tashkil qilindi. Yaqindagina esa Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi ta’sis etilib, urug‘larni saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarining tegishli hajmlarda shakllantirilishi ustidan nazorat qilish, don ekinlari, paxta xom ashyosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari sifatini tekshiruvdan o‘tkazish uning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Xalq bilan muloqot qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Shubhasiz, bu fuqarolar murojaatlari. 2017 yilning o‘zida Prezident virtual qabulxonasi orqali prokuratura organlariga 144 mingdan ziyod ariza va shikoyatlar yo‘naltirildi va ularning 138 mingdan ortig‘i hal etildi. Bundan tashqari, joylardagi qabullar davomida 10 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlari tinglandi, ularga huquqiy maslahat va tushuntirishlar, muammoni yechishda ko‘mak berildi.
O‘tgan yilning avgust oyidan boshlab har bir tuman va shaharlar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha to‘rtta sektorga bo‘lindi. Hokim, prokuror, soliq va ichki ishlar bo‘limlari rahbarlari o‘ziga belgilangan hududni nazorat qiladi. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, prokuror hududlarida 70 mingga yaqin himoyaga muhtoj oilalarga manzilli amaliy yordam ko‘rsatildi, 4539 ta tadbirkorlik subyektiga o‘z faoliyatini tiklashda ko‘mak berildi, buning natijasida esa 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.
1007 telefon raqamlari orqali murojaatlarni qabul qilish call-Markazi ham samarali ishlamoqda. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashni mustahkamlash bo‘yicha tashkiliy-tahliliy guruh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqish imkoniyati yaratilgan.
Jinoyatchilikka qarshi kurash qay darajada samarador?
Jinoyatchilikka qarshi kurashda jinoyatlarning oldini olish va o‘z vaqtida bartaraf etish asosiy vazifa qilib belgilangan. O‘tgan yil davomida idoralararo tezkor-qidiruv guruhlari tomonidan 5187 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni ochishga muvaffaq bo‘lindi. Talonchilik, bosqinchilik va o‘g‘irlik bilan shug‘ullangan o‘ndan ortiq jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Bosh prokuraturaning Jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Iskanovning ta’kidla
shicha, bir yarim yil ichida 434 insonni oqlash va aybini to‘la olib tashlashga muvaffaq bo‘lindi. Statistikaga ko‘ra, 2016 yilgacha bo‘lgan oxirgi o‘n yilda butun mamlakat bo‘yicha 32 kishi oqlangan edi xolos. Sud tizimini isloh qilish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish ana shu natijaga erishish uchun xizmat qildi. Hozirgi paytda barcha sud majlislarida prokurorlar ishtirok etmoqda, zarur holatlarda asossiz sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan protest kiritishmoqda.
Qonun ijodkorligida ishtirok qanday?
Bosh prokuratura tomonidan jinoyat qonunchiligini liberallashtirish va unga insonparvarlik g‘oyalarini singdirishga qaratilgan katta hajmdagi qonun ijodkorligi olib borilmoqda. Jumladan, ayni paytda Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining yangi tahrirlari ishlab chiqilmoqda.
— Tan olib aytish kerakki, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining hozir amalda bo‘lgan tahrirlarida oldingi totalitar rejimdan meros bo‘lib qolgan normalar hamon mavjud, — deydi Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Muhamedov. — So‘nggi o‘n yil ichida ularga o‘zgartishlar kiritildi, biroq ularning asosiy qismga taalluqli joyi yo‘q. Fuqarolar murojaatlarining monitoringi shuni ko‘rsatmoqdaki, har ikkala kodeksni yangi tahrirda qabul qilish, jinoyatchilikning oldini olish borasida samarali mexanizmlar ishlab chiqish vaqti keldi.
Matbuot anjumani yakunida OAVga Bosh prokuratura rasmiy veb-saytining yangi ko‘rinishi tanishtirildi. Fuqarolar uchun murojaat yo‘llash imkoniyatlari kengaytirildi. Shuningdek, yangi veb-sayt jurnalistlar uchun ham prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkorlik bilan olish imkonini beradi. Yangi tashkil qilingan Axborot-tahlil multimedia markazi ham Bosh prokuratura ish faoliyatining ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi. Markaz aholi orasida alohida ijtimoiy qiziqish uyg‘otgan dolzarb mavzularda axborot-tahlil va media materiallar, batafsil sharhlar tayyorlab, efirga, matbuot nashrlariga hamda internetga berish bilan shug‘ullanadi. Multimedia markazi o‘z ish faoliyatida eng so‘nggi texnologiyalar va kreativ yondashuvdan foydalanayotganini ta’kidlash joiz.
O‘z navbatida, jurnalistlar ham Bosh prokuratura bilan muloqotni yaxshilash bo‘yicha g‘oyalar berdilar. Xususan, tezkor ma’lumotlarni olish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish uchun “Telegram” tarmog‘ida maxsus kanal ochish taklifi bildirildi.
Sayyora AZIMOVA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring