Bosh prokuratura bloger Otabek Sattoriy ishi boʻyicha qonun buzilish holatlari aniqlanmaganini maʼlum qildi
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O.Sattoriyga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur masala boʻyicha Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirdi.
Tergov davomida sudning ajrimi bilan O.Sattoriyga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Bugungi kunda tergov organiga 7 ta holat boʻyicha O.Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushgan boʻlib, hozirda ushbu holatlarga tergov yoʻli bilan oydinlik kiritilmoqda.
Jinoyat ishining qoʻzgʻatilishi qonuniyligi oʻrganilganda, viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlanmadi.
Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat oʻrnatilgan.
Maʼlumot tariqasida: O.Sattoriy Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudi tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40 (Tuhmat), 41 (Haqorat qilish), 202-2-modda (Yolgʻon axborot tarqatish) lari bilan aybli deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Bunga uning 2021-yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Denov koʻmir ombori” hamda Termiz shahridagi hayvonot bogʻi xodimlari mulklarni oʻzlashtirish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etganliklari haqida haqorat va tuhmatlardan iborat yolgʻon axborot tarqatganligi sabab boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring