Bosh maqsad — tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlash

09:39 10 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1413 0

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Zero, tadbirkor nafaqat oʻzini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi, yangi ish oʻrinlari tashkil etib, aholi bandligini taʼminlaydi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor, biznes subyektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq oʻzining iqtisodiyotimizdagi oʻta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim oʻrin egallamoqda. Ushbu sohada hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida minglab oilalarga baraka kiryapti, yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratilyapti.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlab 8-aprel oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida toʻxtalib, endi tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha juda qattiq nazorat oʻrnatilishini bildirdi.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki tadbirkor bola-chaqasidan qiyib, toʻplagan mol-mulki, pulini yangi ish ochishga sarflaydi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, kecha-kunduz jonini berib ishlaydi, nafaqat oʻzini, oilasini, balki el-yurtini ham boqadi. Tadbirkorlik rivojlansa, jamiyatda oʻzgarish, rivojlanish boʻladi, odamlar hayotdan koʻngli toʻlib, ruhi koʻtarilib, yangi-yangi marralarga intiladi.

2020-yilda kichik biznes subyektlariga 120 trillion soʻmlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratilishi natijasida pandemiyadan zarar koʻrgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 33 foizga, tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oʻsdi.

Lekin berilgan imkoniyatlar, yaratilgan shart-sharoitlarga qaramay viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratmayapti. Yigʻilishda bu borada aniq vazifalar belgilab berilib, yer, infratuzilma, kredit kabi eng muhim masalalarni hal etish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bundan buyon tuman va shahar hokimlari sektor rahbarlari kichik tadbirkorlar bilan kuniga 3-marta oʻz sektorida uchrashishi joylarda toʻplanib qolgan qator muammolarni ijobiy hal etishda yaxshi samara beradi.

Bugun Oʻzbekistonda mahalla tizimiga boʻlgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Bu esa aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va anʼanaviy mexanizmidir. Mahallabay ishlash tizimi murakkab jarayon boʻlishiga qaramasdan, unda har bir insonning dardini tinglash, uning qismatini tubdan oʻzgartirish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy oʻsishlar bilangina emas, balki aholining oʻz hayotidan mamnunligi bilan oʻlchash kabi mezonlar mavjud.

Yigʻilishda «mahallabay» ishlash doirasida banklar tomonidan tadbirkorlik rivojlanmagani bois “qizil” hudud deb belgilangan 858 ta mahallada “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, ular boʻyicha “Yoʻl xarita”lari tasdiqlangani aytildiki, bu mahalladagi mavjud muammolar va aholining kundalik masalalarini hal etishga tashlangan dadil qadamdir.

Prezidentimiz “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kirgan aholi bandligini taʼminlash uchun oʻzi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish zarurligini taʼkidlarkan, masʼuliyatni ikki karra koʻpaytirmasak, “daftarlar” yopilmay qolishini bildirdi. Viloyat, tuman va shahar hokimlariga 1,5 mingta mahallaga xususiy sheriklik asosida bino qurib berish boʻyicha tashabbuskorlarni aniqlab, loyihalarni boshlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Koʻp qavatli uylarning yertoʻlasini xatlovdan oʻtkazib, tikuvchilik, maishiy texnika, poyabzal taʼmirlash va kompyuter xizmatlari kabi faoliyat turlari uchun ajratib berishni boshlash, buning uchun hukumat yertoʻlalardan foydalanishdagi cheklovlarni qisqartirish boʻyicha qaror qabul qilishi aytildiki, bu mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar faqat aholi bandligini taʼminlash, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilganini amalda toʻliq namoyon etdi.

Joriy yilda sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlashga 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishi, yil yakuniga qadar 168 ta mavjud va yangi sanoat zonasini 468 kilometr elektr, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yoʻl bilan taʼminlanishi ham biznes vakillari uchun katta ragʻbat va imkoniyat boʻldi. Chunki tadbirkorlarda energiya taʼminoti va boshqa infratuzilma bilan bogʻliq muammolar boʻlmasligi kerak. Infratuzilmadagi muammolar tufayli respublika boʻyicha 320 ta tadbirkor soʻnggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmagan. Shu bois, joriy yilda tadbirkorlarning elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolarini hal qilish uchun 560 milliard, muammosi mavjud sanoat zonalarini aniqlab, ularda elektr taʼminotini yaxshilashga qoʻshimcha 300 milliard soʻm ssuda ajratilishi belgilandi.

Yigʻilishda Eksportni ragʻbatlantirish agentligining 1 trillion soʻmi hisobidan banklarga uzoq muddatli resurs ajratib, eksportyorlarga aylanma mablagʻ uchun “revolver” kreditlar berishni boshlash, tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha mexanizmlarini kengaytirish yuzasidan ham koʻrsatmalar berilgani odamlarni tadbirkor qilish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin ifodasi boʻldi.

Tadbirkorlik uchun yer va binolar ajratish masalasi muhokama qilinarkan, aholi bandligini taʼminlash uchun ularga oʻzi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish, jumladan, mahalla idoralari binosida tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish yoki xususiy sheriklik asosida bino qurib, birgalikda foydalanish mumkinligi, zamonaviy konstruksiyalardan koʻchma shoxobchalar qurish ham qulay va arzonligi taʼkidlandi. Bu borada mutasaddi tashkilotlarga yengil konstruksiyali savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularni auksion orqali joylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida uch yil davomida soliqlarni oʻz vaqtida toʻlagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini boʻlib-boʻlib toʻlash huquqini berish tartibi ishlab chiqilishi esa davlatimiz hech bir tadbirkorni oʻz muammosi bilan yolgʻiz qoldirmasligini yaqqol tasdigʻidir.

Tadbirkorlik rivoji bandlik masalasi bilan bogʻliq. Shu sababli joriy yilda bandlik dasturi asosida 457 mingta doimiy yangi ish oʻrni tashkil etish maqsad qilingan. Xususan, kichik va oʻrta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish oʻrni ochish moʻljallangan. Bunday ezgu maqsadlar uchun 92 milliard soʻm subsidiya ajratilishi esa 40 ming nafar ishsiz fuqarolarni ishli boʻlishiga zamin yaratadi.

Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu tashabbuslarni toʻla qoʻllab-quvvatlagan holda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqa xoʻjaligi va xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash hisobiga aholi bandligini taʼminlash hamda fuqarolar oilaviy byudjeti daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratadi. Mavjud muammolarni oʻrganish, tadbirkorlik rivojiga xalaqit berayotgan toʻsiqlarni oʻz vaqtida bartaraf etish, yurtimizda faol tadbirkorlar safini kengaytirishga astoydil harakat qiladi.

Inchunin, bir tomondan yangi ish oʻrinlarini yaratish, borasidagi saʼy-harakatlar bilan ushbu qatlam nafaqat oʻz oilasi, balki jamiyat farovonligini taʼminlashda asosiy rolni oʻynasa, ikkinchi tomondan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish orqali dunyo bozoriga chiqish, innovatsion ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali Oʻzbekiston iqtisodiyotini innovatsion yoʻlga, raqamli iqtisodiyot yoʻliga oʻtishida ham aynan shu qatlam lokomotiv rolini oʻynaydi.

Xulosa oʻrnida aytganda, har bir oilaning biznes bilan shugʻullanishi va barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi bor kuch va salohiyatini safarbar etadi. Joylarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻygan holda, ularni qiynayotgan masalalarni hal etadi, ularga yaqin doʻst boʻlib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlaydi. Zotan, iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlarning faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер