Bortida oʻzbekistonlik futbolchi boʻlgan samolyotni chaqmoq urdi
Turkiyaning “Kayserispor” klubi futbolchilarini Istanbulga olib ketayotgan samolyotni yashin urdi. Bu haqda mahalliy “Yeni Safak” nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, jamoa 12-may kuni Turkiya Superligasi 36-tur doirasidagi “Fenerbaxche”ga qarshi oʻyin uchun Istanbulga uchgan. Biroq reys noqulay ob-havo sharoiti tufayli ortga qaytgan holda favqulodda qoʻnishni amalga oshirgan.
Klub matbuot kotibi Samet Kochga koʻra, parvoz chogʻida havo kemasini ikki bor chaqmoq urgan. Yoʻlovchilar orasida jabrlanganlar yoʻq.
Jamoa keyinchalik boshqa reys orqali Istanbulga yetib borgan.
Maʼlumot uchun, “Fenerbaxche” — “Kayserispor” uchrashuvi 3:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal boʻldi. Oʻzbekistonlik futbolchi Otabek Shukurov maydonda 45 daqiqa oʻynadi.
“Kayserispor”ning magʻlubiyatiga aynan oʻyindan oldingi asabbuzarliklar sabab boʻlgan boʻlsa ajabmas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring