Boltiqboʻyi iqlim sharoiti uchun oʻzbek guruchining yangi navi yetishtiriladi
Foto: “Dunyo” AA
Mamlakatimizning Rigadagi elchixonasi koʻmagida Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Alisher Hasanov boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga amaliy safari tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining masʼul vakillari ham oʻrin oldi.
“Dunyo” AA tomonidan maʼlum qilinishicha, tashrif davomida Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (LLU) rektori Irina Pilvere bilan muzokaralar olib borildi, Yelgava shahrida joylashgan oziq-ovqat texnologiyalari va veterinariya tibbiyotiga ixtisoslashgan laboratoriya infratuzilmasi bilan tanishuv tashkil etildi.
Muzokaralar yakunida Toshkent davlat agrar universiteti va Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti oʻrtasida 2022-yil 1-sentyabrdan 2027-yil 30-iyungacha moʻljallangan ikki darajali taʼlim dasturi toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Hujjatda “Oziq-ovqat texnologiyasi” va “Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va innovatsiyalari” mutaxassisliklari boʻyicha bakalavriat taʼlimini “2+2” formulasi boʻyicha amalga oshirish, yaʼni talabalarning dastlabki 2 yil Toshkent davlat agrar universitetida va qolgan 2 yilni LLUda oʻqishi belgilandi. Oʻqishni muvaffaqiyatli bitirganlarga Yevropa Ittifoqida tan olinadigan diplom beriladi.
Bundan tashqari, Latviya tomoni bilan muzokaralar yakunida LLU ilmiy-laboratoriya infratuzilmasidan foydalangan holda Latviyaning tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirilgan oʻzbek guruchining yangi navini yetishtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Ushbu innovatsion loyihani amalga oshirishda ikki mamlakat universitetlari mutaxassislari ishtirok etadi. LLU loyiha uchun yer uchastkasini ajratadi. Loyiha muvaffaqiyatli boʻlsa, Latviyada oʻzbek guruchini ishlab chiqarishni sanoatlashtirish istiqbollari ishlab chiqiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring