Bolaning begonasi boʻlmaydi
Bolajon xalqmiz. Odatda eng yaxshi narsalarni farzandlarimizga ilinamiz. Xalqimizning bu ezgu fazilati davlatimiz rahbari tomonidan “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikda ham oʻz aksini topmoqda. Bu gʻamxoʻrlik va eʼtibor samarasi ayniqsa, keyingi yillarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Taʼkidlash joiz, 2017-2020-yillarda yurtimizdagi barcha “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, zamonaviy sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan edi.
Shu munosabat bilan 2020-yil boshida Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik” uyi hamda joriy yil Zarbdor tumanidagi Kar va soqov bolalar maktab – internati hamda Zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab – internati zamonaviy tarzda toʻliq qayta taʼmirlandi. Tarbiyalanuvchilar uchun zarur boʻlgan barcha jihozlar bilan toʻliq taʼminlanib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyul kuni nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash va qoʻllab-quvvatlashning bir necha tuzilmalari yoʻlga qoʻyilgan. 13 ta Bolalar uyida 560 nafar, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 1 ming 823 nafar, 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming nafar oʻgʻil-qizlar tarbiyalanmoqda. Qolaversa, 79 ming nafar bolalar homiylik, vasiylik va oila patronaji qaramogʻiga olingan.
Ular davlatimiz, xalqimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikni yana-da chuqurroq his qilishlari uchun yana bir qator ishlarni amalga oshirish belgilab berildi. Jumladan, yetim bolalar uchun xorijda oʻtqaziladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari byudjetdan toʻliq kompensatsiya qilinadi. Nogironligi boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 1-avgustdan boshlab byudjetdan qoʻshimcha 100 milliard soʻm ajratiladi. 2 ming nafar bola uchun 4 mingta zamonaviy eshitish vositalari xarid qilinadi.
Tugʻma yurak nuqsoni bor 2 ming nafar, bosh miyada oʻzgarishlari bor 1 ming nafar hamda harakat aʼzolari kasalliklari boʻyicha 1,7 ming nafar bolalarda bepul jarrohlik operatsiyalari oʻtqaziladi, ularning 1 ming nafari protezlash va boshqa zarur uskunalar bilan taʼminlanadi.
Joriy yilda harakatlanishi cheklangan 1 ming 100 nafar bolalar elektr aravachalar, kelgusi 5 yilda yana 12 ming nafar nogironligi boʻlgan bolalar bu aravachalar bilan taʼminlanadi. 18 yoshga toʻlgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uy-joylar bepul ajratiladi. Mehribonlik uylari bitiruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi yana-da takomillashtiriladi.
Bu kabi savobli ishlar roʻyxatini yana ancha davom ettirish mumkin. Zero, bugun mamlakatimizda har bir mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, yetim bolalar davlat eʼtiborida. Buning amaldagi ifodasini joriy yilning iyul oyida Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik” uyi sobiq tarbiyalanuvchilaridan R.Damrachayev, A.Axmedjanov, S.Jdanova, U.Qarayev, S.Axmedova va G.Mamadaliyevalarning uy-joy bilan taʼminlangani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan bu vazifalar ijrosini taʼminlash biz deputatlar oldiga ham bir qator masʼuliyatli vazifalarni qoʻyadi. Shu nuqtayi nazardan, bu borada partiya dasturi va saylovoldi platformasidan kelib chiqib, deputatlik va jamoatchilik nazoratini, bu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da kuchaytirishimiz zarur.
Urol OʻRAZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring