Bolalarning barchasi tez-tez shamollasa, u holda qanday bolalar anʼanaviy taʼlimga borishi kerak? — Dolzarb savollarga aniq javoblar berildi 

11:52 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
18720 0

Bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Brifingda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi borasidagi savollarga javob qaytarildi.

Savol: Bogʻcha va maktab xodimlari farzandimiz tez tez shamollovchi toifaga kiradigan boʻlsa, onlayn oʻqishni taklif etib yuribdilar. Bolalarning barchasi tez-tez shamollasa, qanday bolalar haqida soʻz yuritilmoqda. Immunitetiga bogʻliq deyishdi, tushuntirib bersangiz?

Javob: Bolalar kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini (immunitet) homila davrida onadan oladi. Immunitet har bir organizmda individual shakllangan boʻladi.

Bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan ona suti orqali oʻtadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil boʻladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi.

Tugʻilgandan soʻng bolada sunʼiy immunitet hosil boʻlishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo boʻladi.

Shuning uchun birinchi navbatda homiladorlikni rejalashtirishdan avval ona oʻz salomatligini tiklashi va sogʻlom farzand dunyoga keltirishi uchun qaygʻurmogʻi kerak. Onaning salomatligi, homiladorlik davrini yaxshi kayfiyatda oʻtkazishi bolaning sogʻligʻi uchun muhimdir.

1 yoshdan bola kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini oʻzi shakllantira boshlaydi. Uning organizmini salomatligiga qarab kasallikka qay tarzda uchrashi va uni kechirishi immunitetiga bogʻliq boʻladi.

Bolada immunitetni qay darajada boʻlishi bir qator sabablarga bogʻliq boʻladi. Jumladan:

✔️ ona salomatligi;

✔️homiladorlikni kechishi;

✔️ irsiy kasalliklar;

✔️bolaning rivojlanishi;

✔️ona suti bilan oziqlanishi;

✔️ turmush tarzi va hokazo.

Immunitetni qay tarzda shakllanganligi bola turli infeksiyaga duch kelganda namoyon boʻladi, yaʼni u bogʻchaga borib boshqa bolalar bilan aloqada boʻlganida.

3 yoshgacha boʻlgan bolalar yiliga 4-martadan koʻp, 3 yoshdan yuqori boʻlgan bolalar yiliga 6-martadan koʻp respirator kasalliklar yaʼni OʻRVI (oʻtkir respirator virusli infeksiya), gripp, bronxit kabi kasalliklar bilan kasallansalar bunday bolalar tez-tez kasallanuvchi bolalar guruhiga kiradilar.

Yana goʻdakda kamqonlik aniqlangan boʻlsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi) immunitet tizimi ish faoliyatini susaytiradi. Bunday bolalar shifokor nazoratida boʻlishlari va surunkali kasalliklari boʻlsa ularni muntazam ravishda davolatib turishlari zarur.

Savol: Mening farzandim 2 yoshda, juda koʻp kasal boʻladi. Hozirgi pandemiya davrida bunday kasallanishidan bezovtaman. Bola organizmni chiniqtirish uchun nima qilishim kerak?

Javob: Birinchi navbatda, bolani shifokor-pediatr koʻrigidan oʻtkazish kerak.

Uning umumiy ahvoliga qarab maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Misol uchun qon tahlili, peshob va axlat tahlili topshirish shart. Bundan maqsad bolaning ichki aʼzolarida yuz berayotgan oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlashdan iboratdir.

Bolalar orasida koʻp uchrab turadigan gijja va uning boshqa turlari immun tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari qon tarkibidagi turli infeksiya qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Buni aniqlamay turib, bolaga toʻgʻri davolash usulini qoʻllash qiyin.

Shuningdek, bola salomatligini mustahkamlash uchun uning kundalik taomnomasiga toʻyimli va kaloriyaga boy mahsulotlardan qoʻshish maqsadga muvofiqdir. Jumladan goʻshtli va sabzavotli ovqatlar, mevalar, dengiz mahsulotlari, tuxum, vitaminlarga boy tabiiy sharbatlar va sut mahsulotlari bolaning kundalik taomnomasida boʻlishi zarur.

Suv, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda muhim omil hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, bolalar orasida sogʻlom turmush tarzini toʻgʻri tashkil etish orqali immunitetni oshirish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер