BMT Termizdan Afgʻonistonga insonparvarlik yordami joʻnatdi
Bugun erta tongda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar boʻyicha agentligi, BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi Oʻzbekiston hukumati koʻmagida Termiz shahridagi xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabi orqali Afgʻonistonga navbatdagi begʻaraz yordamini joʻnatdi.
BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi mutasaddilarining taʼkidlashicha,Oʻzbekiston koʻmagida qoʻshni mamlakatga 12 ta yuk mashinasiga yuklangan 48 mingdan ortiq koʻrpa (adyol) qahraton sovuqda himoyaga muhtoj afgʻon xalqining hayotini saqlab qolishda muhim oʻrin tutadi.
BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligining mamlakatimiz janubidagi gumanitar logistika mintaqaviy markazi Oʻzbekiston–Afgʻoniston chegarasidan 2 kilometr uzoqda joylashgan. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega markaz BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligiga mintaqadagi zaxiralarni zarur mahsulot bilan tez toʻldirish va gumanitar yordam koʻrsatishda yanada moslashuvchan boʻlish imkoniyatini beradi. Xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabi Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamni tizimli, markazlashtirilgan va maqsadli yetkazishni taʼminlaydi.
— Biz Oʻzbekiston hukumati bilan jafokash afgʻon xalqiga hayotiy insonparvarlik yordami koʻrsatishni davom ettirish uchun barcha saʼy–harakatlarni amalga oshirmoqdamiz, — deydi BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi katta maslahatchisi Frenk Remus. — Hamkorlikdagi ishimiz bu yilgi sovuq qishda ham juda muhim ahamiyat kasb etayotir. Chunki, bu safargi insonparvarlik yordami Afgʻonistondagi koʻplab himoyaga muhtoj insonlarning koʻrpaga (adyol) boʻlgan ehtiyojini qondiradi.
Termizdagi Xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabidan foydalanish BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi, boshqa xalqaro tashkilotlar hamda davlatlarning Oʻzbekiston hukumati koʻmagida Afgʻonistondagi ayollar, bolalar va erkaklarning shoshilinch ehtiyojlariga tezkorlik bilan javob berishiga qulay muhit yaratdi. Shuningdek, Afgʻoniston, Eron, Pokiston hamda Markaziy Osiyo va undan tashqarida BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarlik operatsiyalariga yordam berish uchun asosiy konsolidatsiya va joʻnatish punkti boʻlib xizmat qiladi. Jumladan, soʻnggi ikki yilda markaz orqali koʻchirilgan oilalar, suv toshqinlari va zilzila kabi tabiiy ofatlardan jabr koʻrganlar uchun 217 ta yuk mashinasida gumanitar yordam joʻnatilgan. Bu yerdan yuborilgan yuklar muhim uy-roʻzgʻor idishlari, yotoq toʻshaklari, brezent, chelak, koʻrpa, zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan oshxona toʻplamlari, koʻchma quyosh energiyasi bilan ishlaydigan LED lampa singari asosiy ehtiyoj buyumlaridan iborat.
Birgina oʻtgan yili Oʻzbekiston koʻmagida Afgʻonistonda mavjud 34 viloyatdagi 5 million 900 ming kishiga asosiy ehtiyoj buyumlari va moddiy koʻmak shuningdek, huquqiy himoya va integratsiya boʻyicha yordam bergan. 2022-yil yanvar oyida Afgʻonistonning shimoli-gʻarbiy qismida, iyunda janubi-sharqiy Afgʻoniston va sentyabr oyida Sharqiy Afgʻonistonda sodir boʻlgan zilzilalar, Afgʻoniston va qoʻshni Pokistonda yozgi suv toshqinlaridan aziyat chekkanlarga ham oʻz vaqtida begʻaraz yordam koʻrsatgan.
Termizdagi xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabidan begʻaraz yordam yuki ortilgan avtomashinalar karvoni “Ayritom” chegara oʻtkazish punkti orqali qoʻshni mamlakatning Mozori Sharif shahriga joʻnab ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring