“BMT-ayollar” tuzilmasining Oʻzbekistondagi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

17:26 15 Mart 2023 Siyosat
1227 0

Foto: Халқ сўзи

17-mart kuniga qadar davom etadigan BMTning Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 67-sessiyasida Oʻzbekistondan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sh.Turdikulova boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

Mazkur sessiya doirasida vazir oʻrinbosari “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori oʻrinbosari Anita Bxatiya bilan uchrashdi. Unda Oʻzbekistonda gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi mavqeyini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi.

BMT vakili 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi hamda 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha milliy dasturni amalga oshirish boʻyicha tashkilotning texnik va moliyaviy koʻmagini jalb etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. Jumladan, ayollarni tadbirkorlik faoliyatga keng jalb qilish borasida innovatsiya va raqamli texnologiya dasturlarini ishga tushirish yuzasidan hamkorlikka oid aniq loyihalar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Uchrashuv natijasiga koʻra joriy aprel oyidan boshlab “BMT-ayollar” tuzilmasining Oʻzbekistondagi faoliyati va loyihalarini amalga oshirishga masʼul menejer lavozimini joriy etish boʻyicha aniq kelishuvga erishildi.

Shuningdek, sessiya doirasida yana bir qator xorijiy delegatsiyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilib, bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Qirgʻiziston oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuvda oliy taʼlim va innovatsion faoliyat sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi va joriy yilda Qirgʻizistonning ayol-qiz talabalari bilan bogʻliq startap va innovatsion loyihalar uchun maxsus loyiha tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер