BMT: 2024-yil yogʻingarchilik miqdori boʻyicha anomal yil boʻldi
BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) huzuridagi gidrologiya, suv va kriosfera boʻlimi rahbari Stefan Ulenbrukning maʼlum qilishicha, 2024-yil yogʻingarchilik hajmi boʻyicha anomal yil sifatida qayd etildi.
Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab hududlarda yogʻin odatdagidan koʻproq boʻlgan. Jumladan, Janubiy Osiyo, Pokiston, Hindistonning ayrim hududlari, shuningdek, Markaziy Afrikaning gʻarbiy qismidagi Saxel mintaqasida yogʻin meʼyoridan oshib ketgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiyaning katta qismida ham yogʻingarchilik odatdagidan yuqori qayd etilgan. Aksincha, Afrikaning janubiy hududlari hamda Janubiy Amerikaning katta qismida yogʻin miqdori keskin kamaygan.
— Yogʻingarchilikdagi bu oʻzgarishlar mahalliy daryolardagi suv sathiga ham taʼsir koʻrsatdi, — dedi Ulenbruk JMTning yillik “Suv resurslari holati” hisobotini taqdim etar ekan.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilda global suv havzalarining qariyb 60 foizida daryo oqimining normal koʻrsatkichlardan ogʻishi kuzatilgan. Mutaxassislar taʼkidlashicha, soʻnggi olti yil davomida dunyo boʻyicha suv havzalarining atigi uchdan bir qismi 1991–2020-yillardagi oʻrtacha koʻrsatkichlarga mos kelgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring