Koronavirusdan davolanib chiqdim. Yaqinda farzandli boʻlaman. Maxsus tugʻuruqxonaga boramanmi yoki boshqa tugʻuruqxonaga borsam ham boʻladimi?
Bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurashi shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova ishtirokda brifing oʻtkazildi. Unda aholidan tushgan savollarga javob qaytarildi.
Savol: Bizda karantin qoidalari kuchaytirilishi mumkinmi?
Javob: Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, koʻchada, bozorda boshqa odamlar bilan koʻproq yuzma-yuz boʻlishadi. Koronavirus infeksiyasi esa oʻta kontagiozligi bilan xavfli. U juda tez tarqaladi va agressiv. Dunyo boʻylab kundan kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda.
Dunyo tajribasida koʻrinmoqdaki, har qanday cheklovdan koʻra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq boʻlib qolmoqda. Bundan keyin xar bir inson pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishi, unga moslashishi kerak.
Agarda biz barcha sanitariya gigiyena qoidalariga rioya qilsak, yaʼni qoʻlni sovun bilan tez tez yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirsak, tibbiy niqoblardan toʻgʻri foydalansak va ijtimoiy masofani saqlasak karantin qoidalarini kuchaytirishga hojat qolmaydi.
Savol: Men koronavirus kasallarini davolaydigan kasalxonada hamshira boʻlib ishlayman. Boshqa kasalxonada ham navbatchi boʻlib turaman, shunday ishlashim mumkinmi?
Javob: Agarda Siz koronavirusga moslashtirilgan maxsus kasalxonada ishlasangiz, boshqa kasalxonada navbatchi boʻlib turmasligingiz kerak. Chunki siz, birinchidan u yerda kasallikni yuqtirish xavfingiz koʻproq yoki navbatchi boʻlib turadigan shifoxonangizda boshqa bemorlarga virusni tashib oʻtish ehtimolingiz yuqori.
Tartib boʻyicha maxsus kasalxonada 8 soat ishlash qabul qilingan. Jismoniy tarafdan xam Siz ikkinchi ishga ulgura olmaysiz, ulgurganda ham ikkinchi ishga charchab borasiz. Bu esa kasallar bilan ishlayotgan davringizda ish unumdorligi va samaradorligini tushishiga, diqqatingizni boʻshashishiga olib kelishi mumkin va ish jarayonida yaxshi natijalarni bermasligi mumkin.
Savol: Bir oy oldin koronavirus kasalligi bilan kasallanib shifoxonada davolanib chiqdim. Yana ikki haftadan keyin koʻzim yoriydi. Koronavirusdan davolanib chiqqan maxsus tugʻuruqxonaga boramanmi yoki boshqa tugʻuruqxonaga borsam ham boʻladimi?
Javob: Koronavirus kasalligi tuzaladigan kasallik. Bu infeksiya bilan zararlanish bu butun hayoti davomida virus tashuvchisi boʻlib qoladi degani emas. COVID-19 yuqtirib olgan insonlarning koʻpchiligi tuzalib ketadi, virus esa organizmdan chiqib ketadi. Inson simptomlar paydo boʻlgandan 10 kun davomida infeksiya tashuvchisi boʻladi (agar belgilar boʻlsa), bu infeksiya yuqqandan taxminan 2 haftani tashkil etadi.
Birinchi simptomlar paydo boʻlgan kundan eng kamida 10 kun va tuzalgandan keyin yana 3 kun oʻtishi kerak. Agarda maxsus tugʻuruq muassasasida davolanib chiqqan boʻlsangiz, demak hozirgi davrda sogʻlomsiz. Shuning uchun maxsus tugʻuruqxonaga emas oʻz yashash hududingizga tegishli tugʻruqxonaga borasiz.
Savol: Men koronavirus kasalligi bilan kasallandim. Qarindoshlarim yaqinda boshqa kasaldan tuzalish uchun koʻp dori qabul qilganligim sababli, dori-darmonlar oʻrniga tabiiy giyohlar ichish yaxshi foyda beradi deb aytdilar. Shu toʻgʻrimi? Ahvolim yaxshilanmayapti.
Javob: Notoʻgʻri. Koronavirus kasalligini viruslar keltirib chiqaradi. Shu bois bemorni tekshiruvdan oʻtkazib, kasallikni turini aniqlamaguncha, bemorning umumiy ahvolini bilmaguncha, aniq davo choralarini koʻrmaguncha, kasallikdan tuzala olmaymiz, aksincha, kasallik oʻrta ogʻir turida kechayotgan boʻlsa, rivojlanib borishi mumkin.
Tabiiy giyohlar koronavirus infeksiyasida asosiy dori vositalar bilan bir qatorda ishlatilishi mumkin, lekin bir oʻzi monoterapiya sifatida yordam bermaydi. Maxsus davo kurslarini toʻliq qabul qilib boʻlgach, keyinchalik profilaktika maqsadida shifokor tavsiyasi asosida tabiiy giyohlar ichsa boʻladi. Biz Sizga koronavirus alomatlarining birinchi kunidan yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika shifokorlariga murojaat etishni tavsiya qilamiz.
Savol: Onam 70 yoshda, qandli diabet bilan davolanib turadilar. Ularda yana bir oz semizlik xam bor. Bunday tashxisli bemorlarda koronavirus infeksiyasi qanday kechadi?
Javob: Qandli diabeti boʻlgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil boʻladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza koʻp boʻlsa, koronavirus ushbu bemorlarda ogʻir kechadi. Sababi kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbaidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha boʻlgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus ogʻir kechadi.
Bu bemorlar oʻzlarida koronavirus kasalligiga xos biron klinik belgilarni sezsalar, darhol hududiy shifokorlarga murojaat etishlari shart. Ular uy sharoitida oʻz-oʻzini davolash bilan shugʻullanishi man etiladi. Chunki ularda tezda pnevmoniya rivojlanishi va uning ogʻir kechishi kuzatilishi mumkin. Bu bemorlar koronavirusdan davolanish bilan birga, diabetni ham davolashda davom etishlari lozim. Sababi koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu ogʻir asoratlarga olib keladi.
Qandli diabeti boʻlgan bemorlar hududiy poliklinikalarida dispanser nazoratda boʻlishlari, oʻzlarida oʻzgarishlar sezsalar darhol shifokorga murojaat etishlari, ommaviy joylarga zarurat boʻlmasa bormasliklari, imkoni boʻlsa uydan masofaviy ishlashlari, oʻz-oʻzini davolash bilan shugʻullanmasliklari va shifokor tavsiya etgan davo muolajalarini vaqtida muntazam olib turishlari zarur.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring