Biz oʻttiz yil shunga intildik – Prezident Jomboydagi laboratoriyada boʻldi

23:28 15 Aprel 2021 Siyosat
2053 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sag Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “In vitro” laboratoriyasini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini innovatsion rivojlantirish maqsadida laboratoriyalar tashkil etilmoqda. “Sag Agro” masʼuliyati cheklangan jamiyatining laboratoriyasi ana shunday zamonaviy majmualardan biri.

Umumiy qiymati 2,6 million AQSH dollari boʻlgan mazkur loyiha 2019-yil ishga tushirilgan. Natijada ilgari xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Bu usul ikki jihatdan juda muhim. Birinchisi, chetdan keltirilayotgan koʻchatlardagi turli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldi olinadi. Ikkinchisi, mahalliy laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlar xorijnikiga nisbatan bir necha barobar arzon boʻladi. Masalan, shu paytgacha chet eldan olib kelingan yongʻoq koʻchatining bir donasi 5 dollardan 20 dollargacha boʻlgan boʻlsa, bu yerda yetishtirilayotgani 3-3,5 dollarni tashkil etadi.

Agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi ham ishga tushirilgan boʻlib, tuproq, suv va barg namunalarini oʻrganish yoʻlga qoʻyilgan. Buning samaradorligi shundaki, bogʻdorchilik xoʻjaliklarining tuproq sharoiti oʻrganilib, unga mos koʻchatlar tavsiya qilinadi. Natija koʻchatlar xatosiz unib, moʻl hosil yetishtiriladi.

“In vitro” uchun 24 gektar yer ajratilgan boʻlib, 2 gektarda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Yana 3 gektar maydonda yangi issiqxona qurish rejalashtirilgan. Qolgan maydonda esa mamlakatimizda uchramaydigan 65 xil mevali daraxtlar koʻchati olib kelinib, parvarish qilinadi.

Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag hamda payvandlangan koʻchatlar yetishtirish imkonini beradi. Ayni paytda bu yerda yongʻoq, bodom, shaftoli, gilos, oʻrik, nok, olma kabi eksportbop mevalarning kasallikdan xoli, iqlim sharoitimizga mos koʻchatlari yetishtirilmoqda.

– Bu qoʻshilgan qiymat yaratishda inqilobiy usul. Biz oʻttiz yil shunga intildik. Ilmiy yondashuv bilan samaradorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 2 million dona turli mevali va manzarali koʻchat yetishtirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar shuningdek, 500 ming dona yongʻoq va bodom koʻchatlarining istiqbolli meva payvandtaglari qilinadi.

Laboratoriya 2024-yilda toʻliq quvvat bilan ishlashi hisobiga bu yerda yiliga 20 million dona koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. 2023-yildan koʻchatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ushbu laboratoriya va issiqxonada 140 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Kelajagimiz – sizlarning ilmingiz. Hozirgi davr talabini koʻrayapsizlar. Men yoshlar forumida aytganimdek, ilm oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik. Shunday ekan, koʻproq oʻqinglar. Bugun qaysi yosh oʻzini qiynab, bilim olib, tajriba orttirsa, kelajakda albatta natijasi boʻladi, – dedi Prezident.

Shu yerda viloyat qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер