Biz hamjihatlikda mustahkam oilamiz

19:48 28 Iyul 2023 Jamiyat
488 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonda har yili 30-iyul — Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlanadi. Ushbu yorqin bayram, eng avvalo, odamlar, xalqlar, jamiyatning turli qatlamlari oʻrtasida millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, totuvlik va xalqlar birligi – jonajon Vatanimizning buyuk boyligidir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib, ularning barchasini umumiy madaniyat, anʼana, urf-odatlar, tillarning yaqinligi, koʻp asrlik doʻstlik va oʻzaro hurmat rishtalari bogʻlab turadi.

Serquyosh zaminimizga turli mamlakatlardan kelayotgan mehmonlar mamlakatimizda xalqlarning millatlararo munosabatlari yuksak darajada ekanini – bu yerda barcha millat va elatlarning madaniyati, tili va anʼanalariga hurmat va ehtirom koʻrsatilayotganini haqli ravishda taʼkidlamoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-avgustdagi qaroriga asosan Qozon (Volgaboʻyi) Federal universitetining Jizzax shahridagi filiali tashkil etilgan edi. Bu yerda turli millat va elat vakillari oʻz kasbiy faoliyatlarini olib boradilar. Oʻzbeklar, ruslar, tatarlar, uygʻurlar, tojiklar va boshqa millat vakillarini oʻzaro doʻstlik, qardoshlik va bir-biriga boʻlgan mehr-muhabbat birlashtirib turadi.

Hammamizga ayonki, biz hamjihatlikda mustahkam oilamiz! Millati har xil lekin maqsadi mushtarak xalqlar milliy bayramlarini hamjihatlikda nishonlaymiz.

Universitet filiali bilan viloyat rus milliy madaniyat markazi oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda ham oʻzbek ham rus milliy bayramlari keng nishonlanib kelinmoqda. Ayniqsa, “Navroʻz”, “Mustaqillik”, Hayit”, “Maslenitsa” va “Yangi yil” bayramlarini barchamiz hamkorlikda oʻtkazamiz. Taʼkidlash joizki, Qozon (Volgaboʻyi) Federal universitetining Jizzax filialida oʻtkazilayotgan barcha tadbir va bayramlarda doʻstona muhit va oʻzaro hamjihatlik doimo hukm suradi. Turli millat va elat vakillari oʻzlarining rang-barang milliy liboslarini kiyib, chinakam sehrli muhit yaratadi.

Quvonch bilan ayta olamanki, bunday munosabatlar mamlakatimizda millatlararo doʻstlik va birodarlikni, oʻzaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Elena NAVRUZOVA,

Qozon federal universiteti Jizzax filiali masʼul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер