Biz haliyam nafsi vijdonidan ustun, qonunlarni hurmat qilmaydigan hokimlari bor... jamiyatda yashayapmiz...

14:32 15 Fevral 2021 Jamiyat
1508 0

Amaldorlar, shu jumladan hokimlar qonunlarni hurmat qilib, shaxsiy manfaati yoʻlida buzishni toʻxtatmasa rivojlanish boʻlmaydi, investitsiya kirmaydi.

Bu fikrlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga tegishli. Deputatning yozishicha, Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimiyati buni tushunishi kerak. Birovning mulki tortib olinishiga va shu orqali noqonuniy qaror qabul qilinishiga uxlab oʻtirib, ovoz berayotgan tuman kengashi deputatlari ham uygʻonishi kerak.

1999-yili Denov tumani hokimining qarori bilan “Orzu K” nomli tadbirkorlik subyektiga savdo markazi uchun yer ajratib berilib, tadbirkor tomonidan savdo markazi qurilgan ekan. Soʻng 2003-yildagi Hukumat qaroriga asosan savdo markazining 51 foizi majburiy ravishda tadbirkordan olinib, hokimiyatga oʻtkaziladi. 2017-yili esa ushbu savdo markazi hududida yongʻin chiqib, yengil konstruksiyali doʻkonlar yonib ketadi. Savdo markazining qolgan qismi qoladi.

Aynan oʻsha kunlarda savdo markaziga tashrif buyurgan sobiq viloyat hokimi E.Turdimov “joyni olib, toʻliq hokimiyatga oʻtkazinglar!”, degan topshiriq beradi. Bu topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Denov tumani hokimligi tadbirkor hisobiga qurilgan savdo markazini olib, «Xalqabod-Denov» nomli MCHJga oʻtkazish haqida qaror qabul qiladi.

Biroq uzoq sudlashuv natijasida bu qaror oʻzgartirilib, joy ilgarigi egasiga qaytariladi.

Joyni tortib olishga boʻlgan urinishlar bu bilan toʻxtamaydi.

Tumanga yangi kelgan hokim va deputatlar boshligʻi R.Pardayev yaqinda Xalq deputatlari Denov tumani Kengashidagi deputatlar ixtiyoriga amalda 49 foiz ulushga egalik qilib kelayotgan tadbirkorga tegishli savdo markazini olib qoʻyib, boshqa subyektga berib yuborish haqida qarorni tasdiqlashni kiritadi.

Ushbu qarorga asos sifatida goʻyoki bir qator tadbirkor, fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga hamda yuqori turuvchi organlarga qilgan murojaatlari asos ekan.

Bunaqa «genialnыy» gʻoyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil! Fuqarolar qonuniymi yoʻqmi nima soʻrasa ham muhayyo qilib qaror chiqarib beraveradigan deputatlar kengashi paydo boʻlibdimi?

Shu joyiga qonunlardan bexabar, xususiy mulk daxlsiz degan Konstitutsiyaviy qoidadan bexabar tuman hokimini boʻshatish haqida ham fuqarolardan murojaat boʻlsa deputatlar mard boʻlib, boʻshatishga qaror qila olisharmikan?

Odamlar eshikma eshik, yillab sarson yuradi. Bu sarsongarchilikka koʻz yumib yurgan hokim va qoʻl ostidagi deputatlar esa kimnidir mulkini tortib olishdek yogʻli ishga kelganda fuqarolarning murojaatlarini asos qilib, shartta qaror chiqarib yuborsa-ya. Kimdir kimdirni “buyurtmasi”ni bajarayotganga oʻxshamayaptimi?

Xullas kulishniyam yigʻlashniyam bilmaysan: biz haliyam nafsi vijdonidan ustun, qonunlarni hurmat qilmaydigan hokimlari bor, hokimi nima desa koʻzni yumib tasdiqlab beraveradigan, qoʻrqoq deputatlari bor jamiyatda yashayapmiz shekilli.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер