Birlashgan Arab Amirliklarida oʻzbek tilini oʻrganish imkoniyati yaratiladi
Oʻzbekiston bosh konsuli Kamol Ikromov Birlashgan Arab Amirliklar Madaniyat vazirligining Dubaydagi boshqarmasi vakili Anvar Gʻolam Mohamad Abdulloh bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot davomida Birlashgan Arab Amirliklarida oʻzbek madaniyati markazlarini ochish, birgalikda madaniy tadbirlar tashkil etish, shuningdek, oʻzbek tilining xalqaro nufuzi va jozibadorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Bosh konsul davlatimiz rahbari tomonidan milliy iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligi, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish istiqbollari va yurtimizda oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy anjumanlar hamda festivallar haqida batafsil aytib oʻtdi.
Oʻzbekistonning turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda, shu jumladan BAAda keng targʻib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Anvar Gʻolam Mohamad Abdulloh Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlarga yuqori baho berar ekan, mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarni jahon hamjamiyati eʼtirof etayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari barcha sohalarda ulkan salohiyatga ega.
Suhbatdoshlar BAAdagi yirik kutubxonalar va taʼlim muassasalarida Oʻzbekiston boʻlimlarini ochish va kelajakda oʻzbek tilini oʻqitish loyihasini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Bosh konsulxona tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining ilmiy markazlari, universitet va yirik kutubxonalari ilmiy bazasini boyitish maqsadida oʻzbek tilidagi adabiyotlar va oʻquv qoʻllanmalarini yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring