Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qoʻllanilmaydi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bogʻliq jarimalarning turi koʻpligi va ogʻirligi masalasi boʻyicha juda koʻplab murojaatlar kelib tushdi.
Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq toʻlayotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovi 1 million soʻm atrofida.
Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million soʻmgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million soʻmgacha maʼmuriy jarima solinadi.
Yaʼni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Umuman, savdo sohasida faoliyat koʻrsatadigan tadbirkorlarimizni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, yaʼni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻliq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qoʻllanilmaydi. Buning oʻrniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari koʻmakchi boʻladigan tizim joriy etiladi.
Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning toʻlayotgan soligʻidan oshib ketmasligi kerak.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring