Birinchi chorakda «Oʻzavtosanoat»da ishlab chiqarish hajmi 40 foizga pasaygan – Prezident
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda, deb yozmoqda OʻzA.
Yigʻilishda ayrim tarmoq va hudud rahbarlari yaratib berilgan imkoniyatlardan toʻliq foydalana olmayotgani tanqid qilindi.
– Birinchi chorakda «Oʻzavtosanoat»da ishlab chiqarish hajmi 40, «Oʻzbekneftgaz»da 4,7, charm mahsulotlarida 10 foizga pasaygan. Soʻnggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamayishini qanday izohlash mumkin? – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 1,1 trillion soʻmga kamaygani qayd etildi.
Videoselektorda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va tarmoqlar rahbarlari, barcha hokimlar may-iyun oylarida yoʻl qoʻyilgan qoloqliklarni bartaraf etish uchun quyidagi yoʻnalishlarda ishlarni tashkil etishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, iqtisodiy oʻsish uchun asosiy energoresurslar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish lozim.
Qayd etilishicha, birinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish 1,7 foizga kamaygani oqibatida 600 ming tonna sement, 55 ming tonna mineral oʻgʻitlar, 330 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlari taʼminlanmagan.
A.Sultonov, M.Abdullayevga ikkinchi chorakda birinchi chorakdagi qoloqlikni bartaraf qilib, 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni soʻzsiz taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Issiqlik elektr stansiyalariga «Oʻzbekgidroenergo» AJ bilan birga sanoat tarmoqlari, tadbirkorlik subyektlari va aholi ehtiyojlarini toʻla qondirish uchun ikkinchi chorakda jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish boʻyicha topshiriq berildi.
A.Sultonov, U.Mustafoyevga viloyat hokimlari bilan birga, joriy yil 1-avgustga qadar mavjud kechikishni toʻliq bartaraf etgan holda, ASKUE tizimini 100 foiz ishga tushirish kerakligi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring