Bir martalik umumdavlat aktsiyasi e’lon qilindi

Mamlakatimizda xalq va yurt kelajagini o’ylab olib borilayotgan izchil siyosat aholining barcha qatlami manfaatlarini ifoda etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar hamda o’zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo’yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasini o’tkazish to’g’risida”gi Farmoni ana shunday ezgu sa’y-harakatlarni mazmunan yanada boyitdi.
Ushbu hujjatda belgilanganidek, yer tuzish va kadastr organlari tomonidan o’tkazilgan respublika ko’chmas mulk fondining yalpi xatlovi yakka tartibda uy-joy qurish sohasida, ayniqsa, qishloq joylarida qonuniylikni ta’minlash masalalarida tizimli hamda jiddiy kamchiliklarga yo’l qo’yilayotganini ko’rsatdi.
Mazkur sohalarda yo’l qo’yilgan bu kamchiliklar fuqarolarning uy-joylarga egalik qilish sohasidagi qonun-qoidalarning buzilishiga va fermer xo’jaliklari balansida bo’lgan yerlarning xo’jasizlarcha tarqatilishiga, fermer hamda dehqon xo’jaliklari tomonidan huquqiy-normativ hujjatlarning buzilishiga olib keldi.
Qaerdaki huquqiy jihatdan bo’shliq bo’lsa, o’sha yerda muammo chuqur ildiz otadi. Yuqoridagidek xunuk holatlar keng tarqalishi aholining, tabiiyki, ijtimoiy muammolarini kuchaytirdi. Ya’ni uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi bois haqiqatda yashab turgan joyga propiska qilina olmaslik, o’z uyiga egalik huquqi mavjud emasligi holatlarini ko’paytirdi. Bu ijtimoiy muammoning yillar davomida e’tibordan chetda qolishi fuqarolarning uy-joy mulkiga kadastr hujjatlarini to’g’rilay olmay, idoralar eshigida soatlab, oylab vaqtini o’tkazishiga sabab bo’ldi, desak, yanglishmaymiz. Buni Prezidentning virtual qabulxonasiga 5 mingdan ziyod, deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslari sayyor qabullariga 3 mingdan ziyod murojaatlar yo’llanganidan ham bilish mumkin. Albatta, bunday salbiy holatlarning oldi olinishida yuqorida nomi keltirilgan tarixiy hujjat alohida ahamiyatga ega. Hujjatga binoan, uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida bunday turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo’yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasi e’lon qilindi. Aktsiyaning mohiyati shundaki, mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turarjoyga nisbatan mulk huquqi uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga bir qancha shartlar asosida e’tirof etiladigan bo’ldi.
O’zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan tashkil etiladigan Ko’chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo’yicha komissiyaning taqdimnomasiga ko’ra, tuman (shahar) hokimining qarori bilan, umumiy mulk huquqi haqidagi fuqarolik hamda oila to’g’risidagi qonun hujjatlarining qoidalariga amal qilish sharti bilan, eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig’im to’langandan keyin amalga oshirilishi belgilab qo’yildi.
Davlatimiz rahbarining ushbu Farmoni ko’plab yurtdoshlarimizning uy-joyga egalik huquqiga erishishiga katta imkoniyat beradi. Ayni paytda fuqarolarning mazkur masala yuzasidan davlat idoralariga murojaat qilish ko’rsatkichlari sezilarli ravishda kamayadi. Biz, senatorlar esa, albatta, ushbu Farmon talablarini har bir yurtdoshimizga batafsil tushuntirishga, uning amaliyotda qo’llanilishi ustidan jamoatchilik hamda parlament nazoratiga e’tiborni kuchaytirishimiz ayni zaruratdir.
Abdimo’min JO’RAEV,
O’zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring