Bir makon, bir yoʻl: Osiyo davlatlarining xalqaro Forumi oʻtkazildi
2020-yilning 16-iyul kuni Ipak yoʻli aql markazlari Assotsiatsiyasi (Silk road think tank association), Landjou Xitoy universitetining Bir makon bir yoʻl tadqiqot markazi va Xitoy zamonaviy xalqaro tadqiqotlar markazi (CCCWS) tomonidan “Bir makon, bir yoʻl: Osiyo davlatlarining pandemiyadan keyingi iqtisodiy holati va hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida onlayn xalqaro forum tashkil etildi. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati xabar berdi.
Hozirgi kunda Ipak yoʻli aql markazlari Assotsiatsiyasi 140 ta Xitoy tadqiqot institutlari hamda “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusini qoʻllab quvvatlovchi davlatlarning 122 ta xorijiy tahlil markazlarini birlashtirgan. Assotsiatsiyaning maqsadi — “Bir makon, bir yoʻl” mamlakatlarini oʻzaro bogʻlovchi mavjud iqtisodiy yoʻlaklarni yana-da takomillashtirish hamda yangi transport va savdo yoʻllarini yaratishga qaratilgan strategik muhokamalar, siyosiy tahlil, loyihalarni baholash va muhokamalar uchun qulay platforma yaratishdan iborat.
Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan forumda asosiy eʼtibor karantin cheklovlari sabab yuzaga kelgan iqtisodiy, tranzit-logistika va boshqa muammolarni hal etishda Osiyo davlatlarining ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligini kuchaytirish, mamlakatlarning Covid-19 bilan kurashish strategiyalarini tajriba almashish orqali oʻrganish hamda inqirozdan chiqish boʻyicha qoʻllanilayotgan usullar, xususan ilgʻor innovatsion yechimlarni muhokama qilishga qaratildi. Unda Xitoy, Turkiya, Oʻzbekiston, Tojikiston, Eron, Qozogʻiston, Afgʻoniston davlatlarining jami 30 dan ortiq ishtirokchilari qamrab olindi.
Forumda 10 dan ortiq nufuzli ekspertlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash boʻyicha Oʻzbekiston Strategiyasi”nomli maʼruza bilan ishtirok etdi. Eldor Tulyakov, oʻz soʻzida mamlakatda amalga oshirilgan umumiqtisodiy, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda eng koʻp taʼsir koʻrgan sohalarni qoʻllab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berdi.
Tadbir yakunida “Bir makon, bir yoʻl: Osiyo davlatlarining pandemiyadan keyingi iqtisodiy holati va hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida onlayn xalqaro forum tashkilotchilari, dunyoda COVID-19 xavfi bartaraf etilganidan soʻng, Xitoyda “Bir makon, bir yoʻl” loyihasiga qoʻshilgan barcha mamlakatlar vakillari ishtirokida Xalqaro forum oʻtkazish rejalashtirilganini qayd etishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring