Bilim va malakasiz ishlab boʻlmaydi
Bugun odamlardan biror muammoni yashirib boʻlmaydi. Rostmi, yolgʻonmi, ishonsa boʻladimi, yoʻqmi, minglab, millionlab xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda bolalab ketgan, boshi -keti yoʻq. Goh u goh bu mavzuda aralash -quralash qilib yozayotgan, maslahatu tavsiya berayotganlar ham oz emas. Bir soʻz bilan aytganda demokratiya ustuvor, axborot sohasidagi shaffoflikning “piligi” baland. Ustiga ustak ayrimlar “qizil” chiziqni bepisandlik bilan bosib oʻtayotgan, koʻpchilikni vahimaga solayotgan boʻlsa-da, qonunchilik ularga chora koʻrishga koʻpam shoshilmayapti, biroz insof qilayotgandek. Masalan, yaqinda bir fargʻonalik molboqar “hamma yoqni kasal bosib ketdi, dori-darmonning nafi tegmayapti, vetvrachlar chorasini topolmayapti, molbozordan hayvon sotib olmanglar”, deya ayuhannos soldi. Buni siz ham koʻrgan chiqarsiz, albatta. Fargʻona viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Azizbek Abduvaliyev esa buni bilimsizlik, vahimaga berilish, deya baholadi. Masʼullar veterinariya xodimlari oʻz vazifasini sidqidildan bajarishayotanini, xavfli kasalliklarga qarshi emlash ishlari izchil davom etayotganini ham iddao qilishdi. Ikki-uchta noʻnoq veterinariya xodimining ojizligi, uquvsizligi butun boshli tizimning yuziga “loy” chaplay olmaydi, degan haqli eʼtirozlar ham aytilmoqda.
Tajribali vetvrachlarning taʼkidlashicha esa respublika prokuratura organlari tomonidan keyingi olti oy ichida oʻtkazilgan tekshirishlar, buning natijasida tizimda aniqlangan qonunbuzilishlar, qoʻllanilgan turli darajadagi jarimalar, jinoyat ishlarining qoʻzgʻatilishi oxir-oqibat veterinariya xizmatini sarosimaga solib qoʻymoqda. Chunki bunday keng koʻlamli tekshiruv ilgari kuzatilmagan. Qonunbuzilish holatlarining koʻlami ham katta. Asosiy kamchilik va nuqsonlar tumanlaru mahallalarda ishlayotgan mutaxassislarning bajarilgan ishni oʻz vaqtida rasmiylashtirib qoʻymagani, hujjatlashtirishga bepisand qaragani bilan bogʻliq. Bundan keyin har bir vetuchastka mudiri, har bir mutaxassis oʻz faoliyatini qonuniy rasmiylashtirmogʻi, chorvadorlarga xizmat koʻrsatish tizimi xuddi chet eldagidek toʻliq shartnoma asosiga koʻchmogʻi zarur. Ana shunda “revizordan” hech kim choʻchimaydi, jarima toʻlashga ham hojat qolmaydi. Bundan tashqari bilim, malaka, tezkorlik va toʻgʻri tashxislash bugun har qachongidan-da muhim.
Issiq jonning isitmasi bor deganlaridek, bugun chorva hayvonlarida uchraydigan xastaliklarning turi ham davolash usullari ham juda koʻp. Turli malhamlaru dori vositalar ham son- sanoqsiz. Bu borada farmatsevtika sanoati yangilik beqiyos. Eng maqbul usul va malhamni qoʻllash, kasal molni oyoqqa turgʻazish, shu orqali xonadon egasini xursand qilish bu vetvrachning obroʻ -eʼtiborini koʻtaradi, aksincha boʻlsa-chi?.. Chalasavod vetvrachni “shustriy” qassobning sherigi, deya qishloqdan quvib soladilar. Chunki qishloq ahli qoramolu qoʻy-qoʻzini boy boʻlay, daromadim koʻpaysin, bir soʻmni oʻn soʻm qilay, deya boqayapti-da.
Ana shu sababli har bir mahallaga bilimdon va yuqori malakali vetvrach kerak, juda kerak. Uni maʼlum vaqt oraligʻida malaka oshirish uchun joʻnatish ham davr talabidir. Bu haqda Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori Ravshan Berdiyevich Davlatov shunday dedi:
-Davr shiddat bilan oʻzgarmoqda, dunyo notinch, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab muttasil oshayapti. Yevropada, Rossiya va qoʻshni davlatlarda hayvonlar orasida kasallik koʻpaygani, yuz ming boshlab hayvonlarning nobud boʻlayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Respublikamizda esa davlatimiz rahbarining tashabbusi, bevosita koʻmagi bilan chorvachilikni har tomonlama taraqqiy ettirishga, veterinariya xizmatini takomillashtirishga jiddiy kirilgan. Subsidiyalar, soliq imtiyozlari, naslchilik ishlaridagi yangiliklar, barcha barchasi xalq farovonligini oshirishga yoʻnaltirilgan. Mana shunday sharoitda malaka oshirmasdan, turli xavfli kasalliklarni oldini olish, davolash borasidagi ilmiy yangilik va innovatsion tavsiyalardan bexabar holda ishlab boʻladimi? Albatta yoʻq.

Prezidentimizning 2024-yil 4-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-420-son qarorining asosiy maqsadi ham shu: davr talabidan kelib chiqqan holda mutaxassislar malakasi va bilimini oshirish, shu orqali veterinariya tizimida xizmat sifatini yuqori pogʻonaga koʻtarishdir. Yaqinda institutimiz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida 2026-2027-yillarga moʻljallangan ikki yillik “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Oʻtgan yilning oʻzida esa qoʻmita tizimidagi jami 955 nafar mutaxassis, shu jumladan, 97 nafar rahbar xodimlar, 407 nafar mutaxassis, tashxis markazlarining 222 nafar xodimi, 66 nafar zootexniklar, 55 nafar idoraviy, ishlab chiqarishdagi va xususiy veterinariya xizmati mutaxassislari, 76 nafar texnik oseminatorlar, 32 nafar chegara postlaridagi vetvrachlar institutimizga kelib saboq olishdi va malaka sertifikatlariga ega boʻlishdi. Joriy yilda esa bu raqam 1450 nafar boʻlishi kutilmoqda. Chunki bunga talab bor,ehtiyoj katta.
Kelgusida faoliyatimizni xorijiy tajribaga tayangan holda yanada takomillashtirishni koʻzlayapmiz. Ayni paytda institutimizning oʻquv xonalari, axborot resurs markazi, axborot texnologiyalari ustaxonasiga Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida xarid qilingan 2 dona elektron doska, oʻndan ortiq kerakli zamonaviy asbob-uskunalarni oʻrnatgan holda leksiyalarni “jonli efir” tarzida oʻtkazishni yoʻlga qoʻyganmiz. Har bir tinglovchi jarrohlik amaliyoti va klinik-laborator tekshiruvlarini oʻz qoʻli bilan bajarmoqda, qayerda xato qildi, yana nimalarga eʼtibor qaratish lozim, barchasi chigʻiriqdan oʻtayapti.
Albatta nazariya va amaliyot uygʻunligi, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash juda muhim. Busiz toʻlaqonli malaka oshirishni taʼminlab boʻlmaydi. Leksiyalarni X.Salimov, B.Bakirov, B.Eshboʻriyev singari taniqli professorlar oʻtayotgan boʻlsa, amaliyot darslari 3500 boshdan ortiq zotdor naslli qoramollar boqilayotgan “Siyob Shavkat Orzu” qoramolchilik xoʻjaligi, “Siyob saxovati” sutni qayta ishlash korxonasi, yirik parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik klasterlari, universitet vivariyasi va laboratoriyalari, Samarqand shahrida joylashgan dehqon bozorlari va qushxonalarda oʻtkazilmoqda. Bu borada institutimiz viloyatdagi oʻnlab yirik chorvalik klasterlari bilan shartnoma imzolagan. Bugun “Samarqand sifat goʻsht savdo”, “Sam teri tayyorlov” kushxonalari, “Agro bravo” sutni qayta ishlash korxonasi, “Chortut” qoramolchilik xoʻjaligi, “Oq Amur baliqlari” baliqchilik xoʻjaligi, “Agro-kompleks”, “Ilonsoy nasl parranda” va “Navoobod nasl parranda” parrandachilik xoʻjaliklari, “Baxt” goʻshtni qayt ishlovchi xususiy korxonasi eng yaqin xamkorimizdir. Bir soʻz bilan aytganda tinglovchilar bu yerga vaqtni behuda sovurgani yo shunchaki dam olgani emas, zamonaviy bilimlar bilan tanishgani, oʻz malakasini oshirgani kelayotgan ekan, biz bunga yetarli shart-sharoit yaratib beryapmiz. Toki, tinglovchi oʻqish yakunida shunchaki sertifikat olmasin, balki olgan hujjatiga yarasha salohiyat egasiga aylansin. Bu oʻz-oʻzidan respublikamizning qaysi chekkasida boʻlmasin, hayvonlar bilan bogʻliq kasalliklarni keskin kamaytirishga, veterinariya xizmati sifatini yanada koʻtarishga turtki beradi.
Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring