Besh marraning start nuqtalari

12:54 02 Noyabr 2020 Jamiyat
2221 0

Respublikamiz Prezidenti tomonidan ilgari surilib, bugun turli hududlarda amalga oshirilayotgan besh tashabbusning mazmun-mohiyati, yoshlarimiz istiqbolining beshta muhim tayanch nuqtasi qamrab olingan. Aynan shu nuqtalardan ularning eng ezgu orzulari roʻyobiga start beriladi.

Nurota tumanidagi Temirqovuq qishlogʻi viloyat markazidan bir yuz oltmish kilometr olisda joylashgan. Qishloqda sport majmuasi, kutubxona va boshqa bir qator markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da temirqovuqlik yoshlarni birlashtirib, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun tizimli chora-tadbirlar yetishmasdi. Mazkur vazifalar asosida qishloq yoshlari va mahalla faol­lari yigit-qizlarning bandligini taʼminlash, sanʼat va ijodga oshno etish, sport bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, axborot-kommunika­sion texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularda turli gʻoyaviy tahdidlarga qarshi maʼnaviy immunitetni kuchaytirish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, uning taqdimot marosimi oʻtkazildi.

— Eng muhimi mazkur ishlarda yoshlarning aholi barcha qatlami faolligini taʼminlash muhim omil hisoblanadi, - deydi tuman hokimi Umarbek Xalilov. — Albatta, bunda har bir yosh yigit-qiz istagining inobatga olinishi, kelajakda maskanning ommaviyligini taʼminlaydi. Shuningdek, yoshlarni, ayniqsa xotin-qizlarni ish bilan taʼ­minlash maqsadida tikuv sexining barpo etilishi, nafaqat daromad manbai, balki muloqot maskani hamdir.

Qishloqda aholi, ayniqsa xotin-qizlarning bandligi asosan hududdagi ijtimoiy soha obyektlari orqali taʼminlangan. Tadbir ishtirokchilari dastlab qishloq ayollarining bandligi bilan tanishib, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xudud uchun xos boʻlgan milliy hunarmandchilik xususan, gilamchilik, quroqchilik, kashtachilik bilan shugʻullanish ular uchun oilaviy tadbirkorlikka asos boʻlishini taʼkidladilar.

Tadbir doirasida hududning istiqbolli yoshlarini qoʻllab-quvvatlash, ulgʻayib kelayotgan yosh avlod intellektual salohiyatini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida qishloqda “KARAKUL - EDUCATION” oʻquv markazining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Oʻquv markazi direktori Otamurod Xoʻjamqulovning taʼkidlashicha, jami 750 million (shundan, 300 millioni bank krediti) soʻm evaziga bunyod etilgan oʻquv markazi matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashgan boʻlib, qariyb 120 nafar oʻquvchini oʻz bagʻriga oladi. Mazkur fanlardan dars beradigan yetti nafar oʻqituvchining toʻrt nafari Qorakoʻl maktabining sobiq oʻquvchilari, yaʼni oliy maʼlumot bilan birga ushbu maktab uslubini puxta oʻzlashtirgan pedagoglardir.

— Aniq fanlarga qiziqqan yoshlarimiz Jizzax, Navoiy va Qorakoʻlda tahsil olishardi, - deydi mahalla faoli Bahriddin Razzoqov. – Albatta, bu ota-onalar uchun moddiy qiyinchiliklar bilan birga doimo xavotir ham tugʻdirib turardi.

Shundan soʻng yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, sport turlari boʻyicha iqtidor va isteʼdodlarini yuzaga chiqarish maqsadida mahorat darslari hamda koʻrgazmali chiqishlar tashkil etildi. “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Yurtim jamoli” mavzularida rasmlar koʻrgazmasi tashkil etilib, tadbir yakunida gʻolib yoshlar munosib taqdirlandilar.

Qishloqda tadbir ishtirokchilari madaniyat,sanʼat yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlar, hududdagi taʼlim maskanlarida oʻquvchilarni turli fan, sport toʻgaraklariga jalb etish, xususan, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga tadbiq etilgan besh tashabbus boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashning omillariga alohida eʼtibor qaratishdi. Tadbirda yoshlarning turli yoʻnalishdagi mahoratlari ham ularda katta taasurot qoldirdi. Maktab kutubxonasiga tashkilotchilar tomonidan kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar mazkur taʼlim maskani qoshida qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish borasidagi amaliy ishlar bilan ham tanishdilar. Ayni vaqtda maskanda oʻquvchilar rassomchilik, tikish va bichish kabi yoʻnalishlarda dastlabki tajriba va koʻnikmaga ega boʻlishmoqda.

Qishloq aholisi bilan boʻlgan muloqotlarda oilalar xotirjamligini taʼminlash, yoshlar taʼlim-tarbiyasining nozik nuqtalari hamda tumandagi ibratli oilalarning ish tajribasini ommalashtirishga doir ustuvor vazifalarga muhokama etildi. Shu bahona ibratli oilalar aniqlanib, ular tashabbuskorlar tomonidan ragʻbatlantirildi.

Tadbir tashkilotchilari qishloqdagi nuroniylar hamda nogironligi boʻlgan fuqarolar holidan ham xabar olishib, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashdi. Albatta, bu kabi ezgu tadbirlardagi samimiyat ularni bugun shunchaki kuzatgan kishini ham erta-indin uning faol ishtirokchisiga aylantirishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер