Bepul davolanadigan kasalliklar, kreditlar monitoringi va korporativ kotibiyat... Qonunchilikda 1-iyuldan nimalar oʻzgarmoqda?

15:53 01 Iyul 2024 Jamiyat
728 0

Illyustrativ foto

2024-yilning 1-iyulidan boshlab mamlakatimiz qonunchiligida bir qator oʻzgarishlar boʻldi. Ularning ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Fuqarolarga protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashiladi

Qonunchilikka koʻra, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

- Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;

- huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek, nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur boʻladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashiladi.

Ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʻrib chiqishning yangi tartibi joriy etildi

Qonunchilikka koʻra, 2026-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy hujjatlarni sudgacha koʻrib chiqishning yangi tartibi yoʻlga qoʻyiladi.

Elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyati yaratildi

Qonunchilikka koʻra, aholi va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida:

- hisoblash mashinalari uchun dastur va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi;

- intellektual mulk obyekti roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilindi

- Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga koʻra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;

- avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan (davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yoʻli bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda boʻlgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan koʻchirma berish bepul amalga oshiriladi;

- noturar joylarni boshqa shaxsga oʻtkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning oʻzida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.

Ayrim kasallikka chalinganlar bepul davolanadi

Qonunchilikka koʻra, onkologik, gemotalogik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.

“Shaffof qurilish” tizimida yordamchi pudrat tashkilotlari roʻyxatga olinadi

Qonunchilikka koʻra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda qiymati 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan loyihalar boʻyicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari roʻyxatga olinadi.

Ayrim shaharlarda suv taʼminoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi

Qonunchilikka koʻra, tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ichimlik va oqova suv taʼminoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.

“Ijtimoiy himoya” ATda moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarning hisobi yuritiladi

Qonunchilikka koʻra, moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy toʻlovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalar integratsiya qilinadi.

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ kotibiyat tashkil etiladi

Qonunchilikka koʻra, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga boʻysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi. Shuningdek, korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi. Bundan tashqari, kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Xususiy bandlik agentliklariga ayrim xizmatlar uchun haq undirishga ruxsat etiladi

Qonunchilikka koʻra, xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston tashqarisida ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.

Mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar monitoring qilinadi

Qonunchilikka koʻra, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakolatli banklar bilan birgalikda mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi monitoringini va ularning samaradorligini baholash mexanizmini joriy etadi.

Dorilar bilan bogʻliq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlashga qaratilgan farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi

- dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash uchun masʼul boʻlgan tashkilot sifatida eʼtirof etiladi hamda ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari belgilanadi;

- dori vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlash va ularga javob berishga qaratilgan, xalqaro standartlar talablari asosida farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi;

- dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda ularga berilgan litsenziya talablariga rioya etilishini bir yilda koʻpi bilan bir marotaba vakolatli organni xabardor etish orqali nazorat qilish tartibi joriy etiladi;

- dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish uchun ishlab chiqilgan kontent Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosa asosida efirga uzatiladi;

- yangi tashkil etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanadigan bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda “Zarur saqlash amaliyoti – GSP” talablariga muvofiq tashkil etiladi.

Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitali miqdori oshiriladi

Qonunchilikka koʻra, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi mumkin boʻladi. Shuningdek, ustav kapitalining eng kam miqdori toʻlov tizimi operatorlari uchun 50 milliard soʻm, toʻlov tashkilotlari uchun 10 milliard soʻm etib belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер