Bemor sarson, shifokorlar esa qoʻshimcha qogʻozbozlik bilan ovora — Shavkat Mirziyoyev
Foto: president.uz
Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yigʻilishda Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, raqamlashtirilgani, lekin hududlarda bu ishlar boshlanmagani qayd etildi.
«Tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigatsiya jihozlarining yoʻqligi, 10 mingta koʻchalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmagani uchun tez yordam brigadalarining asosiy vaqti manzilni topishga sarflanmoqda.
Shu bilan birga, tuman darajasida shoshilinch tibbiy yordam tizimi samarali yoʻlga qoʻyilmagan.
Jumladan, tuman shifoxonasida terapiya, pediatriya va xirurgiya yoʻnalishida ham rejali, ham shoshilinch boʻlimlar mavjud va ular bir-birini takrorlaydi.
Buning natijasida shoshilinch operatsiyani bir boʻlimda, uning kelgusidagi davolanishi boshqa boʻlimda oʻtkazilmoqda. Oqibatda bemor sarson, shifokorlar esa qoʻshimcha qogʻozbozlik bilan ovora», dedi Prezident.
Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga bu masalani ichiga shaxsan kirib, ushbu samarasiz amaliyotdan toʻliq voz kechish choralarini koʻrish topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring