Belarus delegatsiyasi vakillari Toshkent davlat agrar universitetida boʻlishdi

06:56 09 Fevral 2024 Jamiyat
278 0

Belarus Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Belarus Respublikasi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vaziri boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Toshkent davlat agrar universitetida boʻldi.

Mehmonlarni mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi vaziri I. Abdurahmonov va boshqa mutasaddilar, universitet professor-oʻqituvchilari hamda talabalari jamoasi kutib oldi.

Mehmonlar dastlab bu yerda tashkil etilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Universitetning Qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash fakulteti qoshidagi laboratoriyasida ilm-fanning soʻnggi yutuqlari asosida faoliyat yuritayotgan olimlarning tajribalari Belarus delegatsiyasi vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Shundan soʻng agrarchilar mehmonlarga chorvachilik sohasidagi oʻquv mashgʻulotlarini taqdim etishdi. Chip oʻrnatilgan asalari uyasidagi gʻaroyib ilmiy kashfiyotlar bilan tanishtirishdi.

Universitet mutaxassislarining taʼkidlashicha, bugunga kelib, ikkala davlat rahbarlarining oʻzaro doʻstona munosabatlari zamirida Toshkent davlat agrar universiteti bilan Belarus Respublikasining bir qator oliy taʼlim muassasalari bilan olib borilayotgan samimiy doʻstona aloqalar koʻlami tobora kengaymoqda.

Qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarish, chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa ekinlari yetishtirish, goʻsht va sut mahsulotlarini birlamchi saqlash hamda qayta ishlash yuzasidan oʻzbek va belarus olimlari oʻrtasidagi ilmiy tajriba almashinishlarda amaliy natijalar yuzaga kelmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер